Emin bobo: “Dunyoda faqat tinchlik bo‘lsin”
Mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan turli tadbirlar uyushtirilib, urush va front orti mehnat faxriylari holidan xabar olinmoqda. O‘tganlar yod etilayotir.
Zomin tumani “Obihyot” qishloq fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Emin Yarlaqabov xonadonida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i gineral-mayor G‘ayrat Qodirov bo‘lib, urush faxriysiga Prezidentimizning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi, bir martalik 18 million so‘mlik pul mukofoti hamda tilla suvi yuritilgan “Sherdor” soati, vazirlik, hokimliklar va idoralarning qimmatbaho hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Emin Yarlaqabov 1925 yilning 13 martida Jizzax viloyati Zomin tumanida tug‘ilgan. 1944-1948 yillar Ikkinchi jahon urushida va urushdan keyingi tiklanish ishlarida qatnashgan.
[gallery-11808]
– Xitoy va Sharqiy Osiyo davlatlarini yapon bosqinchilaridan ozod etishda, Manjuriyada bo‘lib o‘tgan janglarda qatnashdim, – deydi Emin bobo Yarlaqabov. – Armiyamiz shiddatiga hujumning ilk kunlaridanoq yapon qo‘shinlari dosh bera olmadi. Chunki bu davrga kelib, qo‘shinlarimiz qurol-yaroqlarida to‘liq islohotlar o‘tkazib bo‘lingan edi. Shundan so‘ng, yaponlar tanasiga mina bog‘lab, to‘g‘ri tanklarga, piyodalar, avtomobillarga kelib o‘zini urib, o‘ziga qo‘shib portlatib yuborar edi. Juda ko‘pchilik askarlarimiz shularni portlatishi qurboni bo‘lib ketdi. Men ham unaqalarni bir nechtasini yer tishlatganman.
Emin bobo ana shu janglarda ko‘rsatgan jasorati uchun II-darajali “Otechestvennaya Voyna” ordeni bilan taqdirlangan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan esa mustaqillik yillari “Jasorat” medali bilan mukofotlandi.
Emin Yarlaqabov 1948 yili armiya safidan qaytgandan so‘ng Jizzax viloyati Zomin tumanidagi jamoa ho‘jaliklarda mehnat qildi.
1984 yil pensiyaga chiqqanligiga qaramasdan, Emin bobo ma’lum davr mobaynida qishloq yoshlarini vatanparvarlik, ona-Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol qatnashdi. bugungi kunga kelib esa 3 o‘g‘li, 5 qizi va 100 ga yaqin nevara va chevaralari e’zozida hayot kechirmoqda.
Bugun Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Emin bobo Yarlaqabovning uyidan mehmon arimadi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA