Elobodliklar kichik maydonlardan katta daromad topmoqda
Issiqxona — baraka manbai, mehnat esa farovonlik kaliti, deya bejizga aytilmaydi. Buni teran anglaganlar katta maydon bo‘lmasa-da, ixcham yerlarda ham issiqxona xo‘jaligini yo‘lga qo‘yib, oila farovonligi va dasturxon to‘kinligi uchun barqaror daromad manbaini shakllantirmoqda. Ayniqsa, bugungi sharoitda tomorqadan oqilona foydalanish nafaqat shaxsiy manfaat, balki ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlovchi muhim omilga aylanmoqda.
Bunga yorqin misol sifatida Sirdaryo tumanining Elobod mahallasi aholisi hayotini keltirish mumkin. 538 ta xonadon va 3 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan ushbu hududda tomorqadan samarali foydalanish oddiy an’anadan chiqib, puxta o‘ylangan iqtisodiy yondashuvga aylanib bormoqda. Bu yerda har bir qarich yerdan unumli foydalanish, aholi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirishga qaratilgan ishlar izchil va tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Bu borada davlat rahbarining 2024-yilda Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida bildirgan fikrlari ham bugun o‘z amaldagi tasdig‘ini topmoqda.
Sirdaryo tumanining boshqa hududlarini quya turaylik, birgina Elobod mahallasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bugun o‘z samarasini bermoqda.

Mahalladagi 480 dan ziyod issiqxona ana shu sa’y-harakatlarning yorqin natijasidir. Ularda pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri kabi bozorgir mahsulotlar yetishtirilib, nafaqat ichki ehtiyoj qondirilmoqda, balki ortiqcha hosil bozorga yo‘naltirilib, daromad manbalari yanada kengaymoqda. Eng muhimi, issiqxonalar yilning barcha fasllarida hosil olish imkonini berib, mavsumiy emas, balki uzluksiz bandlikni ta’minlamoqda. Bu esa aholi daromadlarining barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
2026-yilning birinchi choragida “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida mahalladagi 23 nafar fuqaroga jami 358 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Ushbu mablag‘lar tomorqalarni kengaytirish, yangi issiqxonalar barpo etish, mavjudlarini takomillashtirish hamda ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etishga yo‘naltirildi. Quvonarlisi, kredit olganlarning 10 nafari kambag‘allik reyestriga kiritilgan oilalar vakillari bo‘lib, bu ularning o‘z mehnati orqali daromad topishi va turmush darajasini yaxshilashida muhim omil bo‘ldi.

Mahallaning Yengilmas ko‘chasida yashovchi Soniya Abbazova misolida bu islohotlar samarasini yaqqol ko‘rish mumkin. U turmush o‘rtog‘i, farzandlari va kelin-nabiralari bilan birgalikda xonadondagi issiqxonada mehnat qilib, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirgan. Imtiyozli kredit asosida issiqxona maydonini 30 sotixgacha kengaytirgan bu xonadon bugun nafaqat o‘z ehtiyojini to‘liq qondirmoqda, balki bozorga sifatli mahsulot yetkazib barqaror daromad manbaiga ega bo‘lgan. Ularning tajribasi ko‘plab qo‘shnilar uchun ham ibrat bo‘lmoqda.
– Yer mehnatni qadrlaydi, – deydi Soniya opa. – Har bir ko‘chatga mehr bilan qarasangiz, u albatta hosili bilan javob qaytaradi. Issiqxona esa yil davomida baraka manbai bo‘lib xizmat qiladi. Faqat sabr va tinmay mehnat qilish zarur.

Shu mahallaning Birodarlik ko‘chasida yashovchi Sobirjon Safarboyev ham qisqa vaqt ichida munosib natijaga erishgan tadbirkorlardan. U joriy yilning fevral oyida 10 million so‘m imtiyozli kredit olib, 9 sotix yerda pomidor parvarishlashni yo‘lga qo‘ydi. Bugun u turmush o‘rtog‘i bilan yelkama-yelka mehnat qilib, yiliga o‘rtacha 80 million so‘m daromad olmoqda. Bu esa kichik maydondan ham salmoqli samaraga erishish mumkinligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Bu kabi misollar bir haqiqatni yaqqol ko‘rsatadi: tomorqa — imkoniyat, issiqxona — daromad manbai, mehnat esa farovon hayotning eng ishonchli kafolatidir. Elobod mahallasida shakllanayotgan bu tajriba “Sayxunobod tajribasi” kabi nafaqat ushbu hudud doirasida, balki boshqa mahallalarda ham ommalashmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri