Elimiz erki, yurtimiz ko‘rki uchun sitamlar, uqubatu kulfatlarga shahid bo‘lgan Vatan – bu!
Qatag‘on qurbonlari
Surxondaryo viloyat teleradiokompaniyasida ish boshlagan yillarim edi. Uzun tumanidagi Bobomurod Omonov rahbarlik qilayotgan mashhur xo‘jalikka boradigan bo‘ldim. Hali viloyatda televideniye ishga tushmagan. Radioda ishlayman. Dong‘i ketgan ilg‘or xo‘jalikdan respublika radiosi uchun eshittirish tayyorlash kerak. Raisimiz Ozod Avliyoqulov topshiriqni berarkan, Bobomurod Omonovning taniqli, vaqti tig‘iz rahbar ekani, idorada ertalab uchratishim mumkinligiyu, kech qolsam dalagami, majlisgami chiqib ketishini aytib, ogohlantirdi. Eshittirishni tezkor tayyorlab, ertasi kun samolyotda poytaxtga jo‘natish lozimligini ham eslatib qo‘ydi.
U zamonda hozirgidek axborot texnologiyalari rivojlanmagan. Tasmalarga yozilgan tayyor eshittirishlar samolyot orqali Toshkentga jo‘natilar, aeroportda respublika teleradio kompaniyasi uchun maxsus o‘rnatilgan qutidan navbatchi haydovchilar olib ketardi. U paytda yengil mashinalar ham ko‘p emas. Tumanlar markaziga yo‘nalishli avtobus qatnardi. Tongda avtobusga chiqsam, tush mahali Uzunga yetib boraman. Topshiriq kechikadi. Taksi yollasam xarajatini cho‘ntak ko‘tarmaydi. O‘ylab ko‘rsam, eng yaxshi tanlov – yarim tunda Termizdan o‘tadigan “Konibodom-Dushanbe” yo‘lovchi poyezdi qulay transport ekan. Rais boboni idorasida uchratish, ishni tezroq bitkazish uchun shu yo‘lni tanladim.
Hali tong oqarmasdan Uzundagi vokzalga tushdim. Xo‘jalikning qaysi tarafdaligini ham bilmayman. Tavakkal qilib, katta yo‘l bo‘yiga o‘tdim. Birpas turgandim, yonimga “Volga” rusumli taksi kelib to‘xtadi. Yo‘l bo‘lsin, deya so‘radi haydovchi. Xo‘jalik nomini aytdim. Boshini irg‘ab, o‘tiring, deya ishora qildi. Tong oqarib, quyosh qizara boshlaganda xo‘jalik idorasiga yetib keldik.
U davrda xo‘jalikning dovrug‘i juda baland, rais bobo esa nafaqat O‘zbekiston, balki urisiyada ham tanilgan rahbar edi. Erta tongda yo‘l-yo‘lakay mashhur inson bilan qay yo‘sinda suhbatlashishni xayolimda pishitib oldim.
Qorovul bilan oyoq ustida suhbatlashib turgandik, Bobomurod Omonov ko‘rinish berdi.
– Ana, rais bobo keldilar, – dedi idora qorovuli. – Xizmat mashinasiga imo qilib. Rais salobat bilan mashinadan tushdi. Qorovul shahdam odimlar bilan borib salomlashdi. Men ham asta-sekin yaqinlashdim. Salom berdim. Qo‘l cho‘zdi. So‘rashgach, “keling, mehmon xizmat!”, dedi jiddiy ohangda bosh-oyog‘imga nazar tashlab. Masalani aytdim. Idoraga kirdik.
Adashmayotgan bo‘lsam o‘shanda Bobomurod Omonov menga oltmish yoshdan ancha oshgandek tuyulgan edi.
– Xo‘sh, – dedi rahbarlarga xos jiddiy ohangda joyiga bafurja o‘tirib. – Asli qayerdansiz?
Iymanibgina javob berdim.
– Kimlardansiz?
– Agar eshitgan bo‘lsangiz, Denovda Qobilov, degan rais bobo o‘tganlar. Otam o‘sha kishining jiyanlari bo‘ladi.
– Ha, – dedi peshonasini silab. – Shoymardon geroy! Juda ishchan, aqlli, dehqonlarga qayishadigan yaxshi inson edi. Xo‘jalikni mashhur qilgan rais edi, bilaman.
– Radioda ishlayotganingizga nechi yil bo‘ldi, yoshingiz nechida?
Aytdim.
– Yosh ekansiz. Bu yog‘i soddaroq, kam gap, bo‘shang yigit ekansiz. Xo‘jaligimizga muxbirlar ko‘p keladi. Orasida yo‘g‘imda idoraga kelib, udag‘aylab ketadiganlari ham uchrab turadi. Nima deysiz endi, besh panjamiz baravar emas-da!
Bu gapni sinash uchun aytdimi yoki hamkasblardan rostdan ham raisning dilini og‘ritganlari bo‘lganmi, bu yog‘i menga qorong‘u. Shu tobda mendan sado chiqishini kutayotgandek ko‘z qirini tashlaganini ilg‘ab qoldim. Go‘yoki eshitmagandek, yon daftarchamga tikildim. Fikrini qo‘llab ham quvvatlamadim, inkor ham etmadim. Qo‘llab-quvvatlay, desam buning epini topmadim. Hamkasblarimni bilmasdan yomon otliq qilib qo‘yishdan cho‘chidim. Inkor etsam, ro‘paramda turgan yoshi ulug‘, mashhur, el suygan raisning dilini og‘ritib qo‘yishim mumkin, degan xayolga bordim.
– Hozir bosh hosilatimiz keladi, – deya gapini davom ettirdi boshim egik turganini kuzatgan rais. – Xo‘jalikni birga aylanasiz. Ishingizni bitkazasiz. Bugunga rejalashtirgan ishlarim bor edi. Bajarmasam bo‘lmaydi. Kechga qolsangiz suhbatni mehmonxonamizda davom ettiramiz. Rahmatli Sharof Rashidov biz taraflarga kelganlarida nafas rostlagan stol atrofida gurunglashamiz.
Rais bobodan uzr so‘rab, bu gal qololmasligimni aytdim. Boshqa safar kelganimda albatta suhbatni davom ettirib, Sharof otaning qadami yetgan tabarruk xonada tunashga kelishdim.
Bobomurod Omonovni Ikkinchi jahon urushida Sharof Rashidovning quroldoshi, O‘zbekiston Oliy kengashi deputati bo‘lgan, deb eshitganman. Sharof ota Sariosiyo tomonlarga kelsa, Bobomurod bobo bilan albatta urush yillarini eslab, quyuq suhbat qurardi, kelajakdagi ishlarni maslahat qilardi, degan gap-so‘zlardan ham xabarim bor edi. Qulog‘imga rais paxta rejalarini ortig‘i bilan bajarishi-yu, yurtga, elga qilgan yaxshiliklari haqida ham ko‘p gaplar chalinardi. Endi ertalabki o‘sha uchrashuvni ko‘z oldimga keltirsam, davra ko‘rgani, ko‘rganda ham juda katta mening oyoq-qo‘lim yetmaydigan davralarda bo‘lgani sezilib turgandi.
Va yana aytsam, bir gurungda Bobomurod Omonov Sariosiyo tumanidagi olis tog‘li Xonjiza qishlog‘ida amalga oshirgan bunyodkorlik ishlarini eshitgandim. El og‘zida Uzun tumanidagi hozirgi “Bobotog‘” massiviga ulkan tog‘ qiyalaridan transport qatnovi uchun katta yo‘l qurib, aholining og‘irini yengil, mushkulini oson qilgani to‘g‘risida gap-so‘zlar ham yurardi. “Bobotog‘” deganlari Uzun tumani markazidan 80-100 chaqirimcha olisda joylashgan tog‘ qishloqlari. Shu yo‘l qurilgunicha atrofi tog‘ bilan o‘ralgan massivga qo‘shni Tojikiston orqali qariyb bir kun vaqt sarflab, borilgan. Uzun taraflarga keluvchilar ham, Bobotog‘ga boruvchilar ham yo‘l azobidan aziyat chekkan. Hozir massivdagi qishloqlarda 16 mingdan ortiq kishi yashaydi. Qishloqlarni ana shu yo‘l tunu kun, qishin-yozin Surxondaryo bilan bog‘lab turadi. Boshqa bir davralarda Bobomurod Omonovning Uzun tumanida tarixiy eksponatlarga boy muzey va boshqa inshootlar qurilishiga bosh bo‘lganini ham faxr bilan eslashardi.
Bosh agronom kelgunicha ancha suhbatlashdik. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Mehnat qahramoni, O‘zbekiston markazqo‘mi a’zosi, ko‘plab ordenlar sohibi bo‘lgan otaxon samimiy gurunglari, bolalik xotiralari va purma’no maslahatlari bilan juda iliq taassurot qoldirdi. Xayrlashayotganda qo‘limni mayingina siqib qo‘ydi.
Bilasizmi, nega yaqin o‘tmishni, Bobomurod Omonovni eslab qoldim? Har gal qatag‘on qurbonlari haqida gap ketsa, ko‘z oldimda Gdlyan va Ivanovning “o‘zbeklar ishi”, deya to‘qilgan “cho‘pchaklari” bahonasida qurbon bo‘lgan elparvar Bobomurod Omonov gavdalanadi. Sho‘rolar davrida begunoh ayblangan barcha qalbi pok millatdoshlarimiz, siyosiy qatag‘onlarimiz Bobomurod Omonovdek Vatan taraqqiyoti, yurtimiz osudaligi, elimiz obodligi, xalqimiz erki, deya jon kuydirgani uchun qurbon bo‘lgani xayolimdan o‘taveradi. Shunda ozodligimizni o‘z qo‘limizga olganimizga, qo‘llarga soxta ayblovlar kishan solishidan qutilganimizga shukrona aytaman. Sizga ham shu yorug‘ kunlarga yetkazganimizning, tazyiq va zo‘ravonliklardan xalos bo‘lganimizning har tong shukrini aytib yashashni tavsiya etaman, birodari aziz! Zero, bugungi osuda va obod hayotimiz qatag‘on yillarining qahriyu-qilichini, azobu uqubatlarini, beayb insonlarni nohaqdan o‘z domiga tortib, begunoh onalar va bolalarni qon qaqshatib yig‘latgan mustabid tuzumni o‘rganishga, hozirgi ozod va farovon kunlarni orzu qilgan millatimiz qahramonlarini hamisha esda tutib, ularning nohaqlik qurboni bo‘lganini yoshlar ongu shuuriga singdirishga, pok hayotini chuqur tadqiq etib, tarixiy haqiqatni tiklashga qulay muhit yaratdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz hududlarida, oliy ta’lim muassasalarida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeylari tashkil etilgani, har yili qatag‘on qurbonlari xotirasini yod etish haftaligi o‘tkazilib, porloq xotirasi abadiylashtirilayotgani, boy merosi va hayoti, elu yurt uchun qilgan ezgu amallari o‘rganilib, yoshlarga o‘rgatilayotgani bunga yaqqol dalildir.
Yaxshi eslayman: Surxon tarafga Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi uyushgan guruh o‘rnashib olgan yillar edi. Kattayu kichikni o‘y bosgan. Har hafta Gdlyan to‘dasi falonchi rahbarni so‘roqqa chaqiribdi, pismadonchi raisni qamoqqa olibdi, degan mash’um xabardan odamlar sarosimaga tushgan, bezikkan. Bobomurod Omonovni ham hibsga olishgani haqida gap tarqaldi. Bu xabarni eshitib, ko‘plar yoqa ushladi. Ba’zilari keksa oqsoqol, katta ishlar qilgan halol rahbar, aybi isbotlanmasa qo‘yib yuboradi, desa boshqalari baribir bo‘yniga u-bu aybni ilib, jazolashadi, deya bashorat qildi. Oylar o‘tishi bilan ayblov soxta emish, rais bobo “men hech qanday pulni yemaganman”, deya e’tiroz bildirib, tan olmabdi. Lekin, tergovchilar bo‘yin olishga majburlayotganmish, degan xabarlar tarqaldi. Keyinchalik bu mavzu boshqa “ayblanuvchilar” to‘g‘risidagi shum xabarlar bilan almashdi. Omonovning taqdiri haqidagi gap-so‘zlar tingandek bo‘ldi.
Qarang, shunaqa sarosimali gap-so‘zlar, dilni xira qiladigan xabarlar bilan xash-pash deguncha bir yilcha vaqt o‘tibdi. Ishda navbatdagi eshittirishni tayyorlayotgandim. Telefon jiringladi. Go‘shakni oldim. Rahbarimiz Ozod Avliyoqulov. Xonamga kir, dediyu, go‘shakni qo‘ydi. Sezdim: kayfiyati yo‘q! Turli o‘y-xayollar bilan shoshib qabuliga kirdim. Avvaliga ishlarimni so‘ragan bo‘ldi. Keyin maqsadga o‘tib, qo‘ya qoldi.
– Bobomurod Omonov turmada jon beribdi. Ayblovlarni buhton, deb bo‘yin olmabdi.
Mungli, sokin ovozda aytilgan bu gap tanamga igna sanchgandek bo‘ldi. Ozod akaga unsiz termilib qoldim.
– Essiz, halol, rostgo‘y, vatanparvar rais soxta ayblarni tan olib, vijdoni qiynalib yashashdan ko‘ra, o‘limni afzal bilibdi, – deya boshini sarak-sarak qila boshladi Ozod Avliyaqulov. – Bu g‘alamislar Surxondaryoni yana bir qalbi daryo, fidoyi, o‘z ishining chin ustasidan ayirdi. Taqdirning o‘xshashligini qara: rahmatli Sharof otaning joni ham paxta masalasi ko‘tarilganida uzilgan edi. Bu gaplarni hech kimga aytib yurmagin, tag‘in...
Ozod aka shu tobda yana nimalar deganini anglolmadim. Xona ustma-ust chekilgan sigareta tutunidan buriqsib qolgan edi.
Kechga yaqin bu haqdagi mash’um xabar viloyatga tarqaldi. Bobomurod Omonov istibdod tuzumda “o‘zbeklar ishi”, “paxta ishi”, deya atalgan so‘nggi qatag‘on davrining adolatsizlik, bedodlik qurboniga aylangan edi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri