Elektr ta’minotida yangi quvvatlar
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida Marg‘ilon shahrida elektr ta’minotini yaxshilash, tarmoqlar quvvatini oshirishga qaratilgan yirik energetika loyihasini amalga oshirishga kirishildi. Shaharning "Turon”, “Istiqlol”, “Mustaqillik”, “Navbahor”, “Navro‘z” va “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inlarida keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborildi.
Loyiha natijasida 8 mingga yaqin xonadon va 280 ta tadbirkorlik sub’ektining elektr ta’minoti quvvati oshiriladi.

“Cho‘lquvar” elektr taqsimlash punkti yuklamasini kamaytirish maqsadida “Satkak” podstansiyasida 4,5 kilometrlik 2 ta yangi 10 kV elektr tarmog‘i barpo etiladi. Shuningdek, umumiy quvvati 23 ming kVA bo‘lgan 67 ta transformator punkti yangi taqsimlash tizimiga ulanadi.

Ayni paytda Navro‘z mahallasining “Oltin meros” ko‘chasida elektr kabel tarmoqlarini tortish ishlari davom etmoqda.
Loyihani amalga oshirish uchun 12,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA