Elektr ta’minoti yaxshilanmoqda
Sirdaryo viloyatida aholini uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda infratuzilmani rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali tomonidan olib borilayotgan ishlar Prezidentning tegishli qaror va farmonlari ijrosi doirasida tizimli ravishda tashkil etilgan. Jumladan, viloyatda elektr ta’minoti eng og‘ir bo‘lgan 101 ta mahallada tarmoqlarni yangilash ishlari amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 270,8 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini tortish hamda 81 ta transformator punktini o‘rnatish belgilangan.

Joriy yilning birinchi choragida 89,5 kilometr elektr uzatish tarmoqlari tortilib, 2206 ta temir-beton ustunlar o‘rnatildi. Shuningdek, 5 ta yangi transformator punkti ishga tushirildi.

Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filialida jurnalistlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Tadbirda filial rahbariyati va soha mutasaddilari ishtirok etdi.
Shu bilan birga, hududlarda elektr energiyasidan samarali foydalanish va texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha ham kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon viloyat hokimligi, prokuratura hamda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borilmoqda.

Tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan 1149 ta transformator punktida nazorat tadbirlari o‘tkazilib, ularning texnik holati hamda iste’molchilarga ulanish holati o‘rganilmoqda. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmoqda.
Natijada texnologik yo‘qotishlar sezilarli darajada kamaydi. 2026-yil may oyi yakuniga ko‘ra, yo‘qotishlar darajasi 12,02 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 foizga pasaygan.

Shuningdek, filialda yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha markaziy ishchi guruh shtabi tashkil etilib, nazorat va tahlil ishlari doimiy ravishda muvofiqlashtirib borilmoqda.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yo‘nalishida ham ijobiy natijalarga erishilgan. Viloyatda hozirga qadar umumiy quvvati 73 978 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilib, ular orqali 12,7 mln kVt/soat elektr energiyasi tarmoqqa uzatilgan.
Raqamlashtirish sohasida ham muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Hisobot davrida 56 ta konsentrator qurilmasi, 126 ta aloqa moduli va 922 ta zamonaviy hisoblagich o‘rnatildi. Shuningdek, 1 118 ta hisoblagich ASKUE tizimiga ulandi, 1 213 ta qurilmaning aloqasi tiklandi, 398 ta uzoq muddat ishlamagan hisoblagich qayta ishga tushirildi.

Moliyaviy intizomni mustahkamlash borasida ham ijobiy natijalar qayd etilgan. 2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, debitor qarzdorlik 60,3 mlrd so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 7,5 mlrd so‘mga kamaygan.
Kadrlar salohiyatini oshirish yo‘nalishida Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali bilan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv asosida dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, 34 nafar bitiruvchi talabalar ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etilishi rejalashtirilgan.
Murojaatlar bilan ishlash tizimi ham alohida e’tiborda. Joriy yilning 1-iyun holatiga ko‘ra, kelib tushgan 607 ta murojaatning 491 tasi, ya’ni 81 foizi ijobiy hal etilgan. Qolgan murojaatlar bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida viloyatda elektr ta’minotining barqarorligi va sifati izchil yaxshilanib bormoqda.
Matbuot anjumani yakunida OAV vakillari tomonidan berilgan savollarga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA