Elektr ta’minoti tizimi shay holga keltirildi
Oqoltin tumani Sirdaryo viloyatining chekka hududlaridan biri bo‘lib, ayniqsa, avvalgi yillarda qish mavsumida elektr ta’minotidagi uzilishlar aholini ancha qiynar edi. Bu muammolar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali tomonidan o‘rganilib, bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, tumanda 55,5 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 30 ta transformator punkti mukammal ta’mirlandi. Shuningdek, 101,8 kilometr uzunlikdagi tarmoq hamda 61 ta transformator punkti joriy ta’mirdan chiqarildi.

Energota’minot tizimini yangilash doirasida tumanning A. Navoiy, Bo‘ston, Obod, Andijon va Yangi davr mahallalarida 17 kilometrdan iborat elektr uzatish tarmoqlari qurilib, qo‘shimcha 6 ta transformator punkti o‘rnatildi. Bu ishlar mahallalardagi elektr ta’minoti barqarorligini sezilarli darajada yaxshiladi.
– Har bir mahallaga barqaror energiya yetkazib berish bizning asosiy vazifamiz, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali bosh muhandisi Dilshod Abduqodirov. – Shu yilgi tayyorgarlik ishlari avvalgi yilga nisbatan kengroq ko‘lamda olib borildi. Asosiy e’tibor qishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlarning oldini olishga qaratildi. Shu maqsadda yangi transformatorlar o‘rnatildi, eski tarmoqlar yangilandi, ehtiyot qismlar zaxirasi yaratildi.

Mavsumni barqaror o‘tkazish uchun 8 nafar mutaxassisdan iborat 2 ta avariyaviy brigada tuzildi. Ular ixtiyoriga 2 ta xizmat avtomashinasi va 1 ta maxsus texnika ajratilgan. Shu bilan birga, ehtimoliy favqulodda holatlarga tezkor chora ko‘rish maqsadida zaxira materiallari bazasi yaratildi. Unda 10 ta transformator, 1 tonna transformator moyi, turli xil sim va kabellar hamda boshqa zarur elektr jihozlari zaxirasi shakllantirilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, amalga oshirilgan chora-tadbirlar aholini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash, shiddatli qish sharoitida uzilishlarning oldini olish va tizim samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri