Elektr ta’minotida muammo bo‘lmaydi...mi?
Xonadonidagi elektr ta’minotidagi uzilishlar har qanday kishining tabini xira qiladi. Ayniqsa, qish faslida zim-ziyo, qorong‘u xonada o‘tirishni kim ham istaydi.
Xonadonidagi elektr ta’minotidagi uzilishlar har qanday kishining tabini xira qiladi. Ayniqsa, qish faslida zim-ziyo, qorong‘u xonada o‘tirishni kim ham istaydi.
Xo‘sh, joriy yilda Farg‘ona viloyatida kuz-qish mavsumiga qanday tayyorgarlik ko‘rildi? Elektr energiyasi bilan barqaror va kafolatli ta’minlash, hech bir nuqta, hatto eng olis hududlarda ham cheklovlarga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqdami?
“Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan joriy yil davomida jami 753,75 kilometr uzunlikdagi 0,4-110 kVli elektr uzatish tarmoqlari mukammal ta’mirdan, 15 068,8 kilometr uzunlikdagi 0,4-110 kVli elektr uzatish tarmoqlari joriy ta’mirdan chiqarildi. 1 413,9 kilometr uzunlikdagi 0,4-6-10 kVli elektr uzatish havo tarmoqlari daraxt shoxlaridan tozalandi.
Bundan tashqari, joriy ta’mirlash rejasi doirasida viloyat bo‘yicha 4 ming 621 dona 6–10/0,4 kVli transformator punktlari joriy ta’mirlandi. Jamiyat tasarrufidagi tuman va shahar elektr ta’minoti korxonalarida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha qo‘shimcha avariya-tiklash brigadalari faoliyati tashkil etilib, ehtiyot qismlar zaxirasi shakllantirilgan.
Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasida o‘z ichiga ikkita, ya’ni “A” va “V” zonalarini birlashtirgan 110/10 kVli “Qo‘qon EIZ” podstansiyasi ishga tushirildi. Elektr podstansiyasining “A” zonasida elektr ta’minoti bo‘yicha quvvati 630 kVA bo‘lgan ikkita transformator, 19 dona zamonaviy yacheyka va elektr qurilmalari o‘rnatildi. Tadbirkorlarni uzluksiz hamda sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 2 zanjirli 110 kVli uzunligi 1,1 kilometr bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari qurildi.
“V” zonada esa 110/10 kVli quvvati 25000 kVA bo‘lgan ikkita transformatordan iborat podstansiya qurildi. 4,2 kilometr masofada 2 zanjirli 110 kVli elektr uzatish tarmoqlarida qurilish-montaj ishlari yakunlandi. 24 dona temir-beton tayanchlar o‘rnatilib, uzunligi 1,5 kilometr bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari tortildi. Mazkur elektr podstansiyasining ishga tushirilishi nafaqat erkin iqtisodiy zonadagi tadbirkorlar uchun, balki atrof hududda yashovchi aholi uchun ham katta qulaylik yaratdi.
Farg‘ona tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan ham mavsumga jiddiy tayyorgarlik ishlari olib borildi. Korxona bosh muhandisi A. Fozilovning aytishicha, elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash, mavsumda uzilishlarning oldini olish maqsadida aniq chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, “Shohimardon” va “Yordon” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 17 ta transformator mukammal ta’mirdan chiqarildi. “Konchilar”, “Vodil”, “Novkent”, “Do‘stlik” va “Oqbilol” mahallalarida ham ana shunday ishlar bajarilib, aholini sifatli va uzluksiz elektr-energiya bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Albatta bu ishlar yaxshi. Shunday bo‘lsa-da viloyatning ba’zi hududlarida elektr ta’minotida cheklovlar kuzatilmoqda. Soha mutaxassislari bu holatni ob-havoning keskin pasayib ketishi natijasida iste’molchilarning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojlari ortganligi bilan izohlashmoqda. Korxona tasarrufidagi elektr tarmoqlarda nuqsonli (avariyali) o‘chishlar kuzatilmagan.