Elektr stansiyalarida samaradorlikni oshirishga qanday yechimlar taklif etilmoqda?
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJda ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, energetika ob’ektlarining ishonchliligini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan Ilmiy-texnik kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan yig‘ilishda Energetika vazirligi vakillari, Toshkent davlat texnika universitetining akademik va professor-o‘qituvchilari, “Milliy dispetcherlik markazi” DUK, “O‘rtaosiyoenergotarmoqloyiha” AJ hamda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ mas’ullari, filiallar va tizim korxonalarining mutaxassislari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda elektr stansiyalarining ishlab chiqarish salohiyatidan yanada samarali foydalanish, energiya resurslari sarfini qisqartirish va zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan qator loyihalar muhokama qilindi. Asosiy e’tibor mavjud quvvatlarni oqilona ishlatish, uskunalarning ishonchliligini oshirish hamda elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonining barqarorligini ta’minlash masalalariga qaratildi.
Jumladan, “Talimarjon IES” AJning 3-4-sonli bug‘-gaz qurilmalarida texnologik jarayonlarni zarur bug‘ bilan ta’minlash maqsadida yordamchi bug‘ qozonini ishga tushirish taklifi ko‘rib chiqildi. Korxona ehtiyojlari uchun teskari osmos tizimini joriy etish, uni loyihalash, yetkazib berish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
“Farg‘ona IEM” filialidagi 7 MVt quvvatli gaz-turbina qurilmasining imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida unga qo‘shimcha 2,5 MVt quvvatli bug‘ turbinasini o‘rnatish masalasiga alohida urg‘u berildi.

“To‘raqo‘rg‘on IES” bug‘-gaz qurilmasining gaz turbinasiga kiruvchi havoni sovitish tizimini joriy etish loyihasi ham keng muhokama qilindi. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bunday texnik yechim qurilmaning ishlash samaradorligini oshirish bilan birga, energiya resurslaridan tejamkor foydalanish imkonini ham kengaytiradi. Shu nuqtai nazardan, loyihaning texnik imkoniyatlari, energiya samaradorligi va ekologik jihatlari atroflicha baholandi.
Masalalar muhokamasi davomida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Ozod Oxunov mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish va korxonalarda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish muhimligini ta’kidladi.
– Bugungi kunda har bir energetika ob’ektida mavjud imkoniyatlardan to‘liq va samarali foydalanish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish hamda uskunalarning ishonchli ishlashini ta’minlash ustuvor vazifalardan biridir. Ilmiy-texnik kengashda ko‘rib chiqilayotgan loyihalar aynan shu maqsadlarga xizmat qilishi, amaliyotga joriy etilganda esa ishlab chiqarish samaradorligi va energiya tejamkorligini yanada oshirishi kerak, – dedi O.Oxunov.

Shuningdek, yig‘ilish kun tartibidan “Issiqlik elektr stansiyalari” AJda dispetcherlik markazlarini modernizatsiya qilish hamda ERP tizimlarini texnik qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish masalalari ham o‘rin oldi.
Muhokamalar jarayonida har bir loyiha bo‘yicha mutaxassis va ekspertlarning fikr-mulohazalari tinglandi. Loyihalarning texnik va iqtisodiy samaradorligi yuzasidan takliflar bildirilib, ularni amalga oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ta’kidlash joizki, Ilmiy-texnik kengashda ko‘rib chiqilgan mazkur loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish elektr stansiyalarining ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, energiya resurslaridan tejamkor foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda energetika ob’ektlarining ishonchliligini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA