Elektr energiyasini tejash davr talabi
Sayxunobod tumanidagi “Yangiobod” nasos stansiyasida Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan seminarda viloyatdagi nasos stansiyalari boshliqlari va energetika boshqarmasi xodimlari ishtirok etdi. Ushbu stansiya 4 ta agregat yordamida salkam 6 ming gektar ekin maydoniga obihayot yetkazib beradi.
Mazkur stansiyadagi agregatlar ta’mirtalab bo‘lib, bu yerga energotejamkor uskunalar o‘rnatilishi lozim. Hozirda tumandagi “Politex-Sirdaryo” klasteri tomonidan nasos stansiyasini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Seminarda nasos stansiyalariga energiya tejamkor qurilmalarni o‘rnatish, agregatlarni texnik soz holda saqlash, texnika xavfsizligiga qat’iy rioya qilish, obodonlashtirish ishlarini tashkil qilish va yordamchi xo‘jaliklarning ahamiyati haqida so‘z bordi. Bugungi kunda 22 ta nasos stansiyalar davlat-xususiy sheriklik asosida fermer xo‘jaliklari va klasterlarga berilmoqda.
Boshqarma tasarrufidagi 45 dona nasos stansiyada jami 121 ta agregat mavjud bo‘lib, ushbu nasos stansiyalarning 24 tasi sug‘orish, 21 tasi yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun xizmat qilmoqda.

– Viloyatdagi davlat nasos stansiyalariga energiya tejamkor uskunalar o‘rnatish rejalashtirilgan, – deydi Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i Davronjon Abdullayev. – 22 ta nasos stansiyalarini 3 chorak yakuniga qadar agroklasterlarga DXSH shartlari asosida topshirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Rejadagi ishlarni amalga oshirish orqali joriy yil yakuniga 10-12 foiz elektr energiyasi tejalishiga erishiladi. Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan elektr energiyani tejash maqsadida yangi 5 dona elektr dvigatel, 3 dona nasos qurilmasi, 4 dona quyosh batareyalari va 1 dona quyosh suv isitgich panellari o‘rnatilishi belgilangan.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA.