Elektr energiyasi bo‘yicha o‘g‘rilik fosh etildi
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida o‘tkazilgan navbatdagi nazorat reydi davomida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq yirik qoidabuzarlik aniqlandi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali ma’lum qildi.
Elektr energiyasidan qonuniy va oqilona foydalanish nafaqat iste’mol madaniyati, balki elektr ta’minoti tizimi barqarorligini ta’minlashning ham muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Ammo Guliston shahridagi “S.R.S” xususiy korxonasi mas’ullari bu boradagi talablarni chetlab o‘tgan.

Nazorat tadbiri davomida korxonada o‘rnatilgan elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatilib, uning ichki sxemasi o‘zgartirilgani aniqlandi. Bu esa iste’mol qilingan elektr energiyasini to‘liq hisobga olish imkoniyatiga ta’sir qilgan.
Aniqlangan holat yuzasidan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur qoidabuzarlik natijasida elektr ta’minoti korxonasiga 2 milliard 86 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Bu raqamning o‘ziyoq elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish ortida qanchalik katta iqtisodiy zarar yotganini ko‘rsatadi. Hisoblagichga aralashish yoki elektr energiyasini yashirin ravishda iste’mol qilish nafaqat ta’minot korxonasiga, balki elektr tarmoqlarining barqarorligi va boshqa iste’molchilar manfaatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bois elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish, qoidabuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning oldini olish maqsadida bunday reyd tadbirlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish va huquqiy baho berish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarining asosiy maqsadi iste’molchilarni jazolash emas, balki elektr energiyasidan qonuniy va oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish, resurslarning asossiz sarflanishining oldini olish hamda elektr ta’minoti tizimida barqarorlikni ta’minlashdan iborat.

Shuni unutmaslik kerakki, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish arzon “tejam” emas, uning oqibati esa ancha qimmatga tushishi mumkin.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri