Elektr energiyadan daromad olsa bo‘ladi
Keyingi paytlarda aholi va iste’molchi soni o‘sishi barobarida muqobil energiyaga bo‘lgan talab ham oshib bormoqda.
Shu jihatdan iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha inshootlari, aholi xonadonlarini muqobil energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash, mavjud energiya resurslarini tejash, ulardan oqilona foydalanishni kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Buxoro viloyatining Olot tumanida ham elektr energiyasi sarfini kamaytirish, muqobil energiya jihozlarini keng joriy etish orqali mahalla va qishloqlarda ijtimoiy soha inshootlari, xususan, aholi xonadonlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashda quyosh panellarining o‘rni sezilari bo‘lmoqda.

Jumladan, “Soinqorovul” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Hasan Yaxshiyev ham namuna tariqasida o‘z uyida 50 kilovatt soat quvvatli quyosh panellarini o‘rnatdi.
– Olis hududimizda elektr energiyasi ta’minotidagi uzilish va muammolar sabab muqobil energiyadan foydalanishni yo‘lga qo‘yganmiz. Quyosh paneli xonadonimizda elektr energiyasi bilan bog‘liq tashvishni bartaraf etmoqda. Mahallada namuna sifatida birinchilardan bo‘lib 50 kilovatt soatga teng quyosh panellarini o‘rnatganimiz juda qo‘l kelmoqda. Hozirda mahallamizda quyosh panellari o‘rnatayotgan oilalar soni ham ko‘paymoqda, – deydi Hasan Yaxshiyev.
Muqobil energiya manbaiga ega bo‘lishning imtiyozi shundaki, avvalo, resurs manbai iqtisod qilinadi. Shuningdek, yer va mulk solig‘ini to‘lashda qator imtiyozlar berilgani qatorida kuniga 350-400 ming so‘m atrofida daromad ham ko‘rish imkoni yaratiladi. Qolaversa, bu borada imtiyozga ega xonadon sohibi mazkur batareyalar orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ehtiyojdan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotishni boshlagan.
Hisob-kitobga ko‘ra, xonadon ehtiyojidan tashqari oyiga 10 ming kilovatt elektr energiyasini sotish orqali oyiga 10 million so‘mgacha daromad ko‘rmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.