Elektr energiya o‘g‘rilari aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro shahar bo‘limi, “O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi va elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari hamkorligida nazorat tadbiri o‘tkazildi.
Natijada “B.B.” MCHJ rahbari B.I. va boshqalar Sanoatchilar ko‘chasidagi ko‘p qavatli savdo hamda maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasini barpo etishda tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, jami 433,5 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Departamentning Qorovulbozor tumani bo‘limi va tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirida “H.A.” MCHJni norasmiy boshqarib kelgan fuqaro Sh.H. suv resurslarini ko‘p talab qiladigan maydondagi ekinlarni sug‘orish uchun o‘rnatilgan elektr hisoblagich sxemasini o‘zgartirib, jami 152 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.