Eldor Shomurodov muxlislardan uzr so‘radi
Endi DR Kongo bilan o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilamiz.
Eldor Shomurodov JCH–2026 guruh bosqichining ikkinchi turida Portugaliya milliy terma jamoasidan 0:5 hisobida uchralgan yirik mag‘lubiyatdan so‘ng muxlislarga murojaat qildi.
O‘zbekiston terma jamoasi sardori futbolchilar maydonda bor kuchini ishga solganini, biroq bunday raqiblarga qarshi omad omili ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
"0:5, yirik hisobdagi mag‘lubiyat. Shunga qaramay, maydonda bor kuchimizni berdik. Bunday raqiblarga qarshi ba’zida faqat harakatning o‘zi yetarli bo‘lmaydi, omad ham kerak bo‘ladi. Portugaliya safida individual mahorati juda yuqori futbolchilar ko‘p.
Yirik mag‘lubiyat uchun muxlislardan uzr so‘raymiz. Endi DR Kongo bilan o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilamiz. Hammasi ko‘ngildagidek kechsa, maydonga g‘alaba uchun tushamiz", — dedi Shomurodov.
Guruh bosqichining so‘nggi turida O‘zbekiston terma jamoasi Kongo Demokratik Respublikasi milliy terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.