Elchi konservatoriyaga tashrif buyurdi
Nukusda Fransiya madaniyati oyligi dasturidagi tadbirlar davom etmoqda.
Fransiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan oylik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish, milliy urf-odatlar va an’analarni targ‘ib qilish va shu orqali yoshlarimizni ona Vatanga muhabbat, boy tariximizga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Nukusda bo‘lib turgan Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Valid Fuk O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filiali hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida filialga tashrif buyurdi.
Elchi bu yerda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, filial rahbariyati bilan uchrashdi. Mazkur uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Shundan so‘ng, filialning “Jayhun” xalq cholg‘ulari orkestri va iqtidorli talaba-yoshlar tomonidan jonli ijroda konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA