El-yurtimiz ravnaqi uchun ovoz berdim
Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 422-saylov uchastkasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati kapital qurilish direksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l qurilishi boshlig‘i, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Ummatov ovoz berdi.
Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 422-saylov uchastkasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati kapital qurilish direksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l qurilishi boshlig‘i, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Ummatov ovoz berdi.–Qarang, hali quyosh chiqmadiyu, qancha yurtdoshlarimiz ovoz berdi, – deydi Erkin Ummatov. – Tonglari shunday tinch-osoyishta, odamlarining ko‘ngli xotirjam, farovon yashayotgan yurtda yashashning o‘zi baxt. Fuqarolari ertalabdan ezgu niyatlarni ko‘ngliga tugib, o‘zlari tanlagan nomzodga emin-erkin ovoz berayotgan mamlakat fuqarosi ekaningdan qalbing g‘ururga to‘ladi. Mamlakatimiz taraqqiyotiga daxldor jarayonda ishtirok etar ekanman, mustaqillik yillarida qo‘lga kiritgan yutuqlarimiz bir-bir ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Sobiq tuzum davrida barcha kommunikatsiya tarmoqlari, avvalambor, transport-logistika aloqasi qo‘shni mamlakatlar hududi orqali o‘tgani aholi uchun ham, iqtisodiyot uchun ham ko‘plab noqulayliklar tug‘dirar edi. Odamlarimiz Farg‘ona vodiysini mamlakatimizning boshqa hududlari bilan temir yo‘l vositasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydigan kunlar tezroq kelishini orzu qilardi. Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida bu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Dastlab, Qamchiq dovoni orqali zamonaviy avtomobil yo‘li qurildi. Joriy yilda mamlakatimiz iqtisodiy qudrati, xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining yorqin ifodasi bo‘lgan Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi ishga tushirildi. Bu Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarini yurtimizning boshqa hududlari bilan bog‘lash barobarida, Markaziy Osiyo ― Yevropa yangi xalqaro tranzit temir yo‘l koridorining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekistonning chet davlatlarga chiqish hamda eksport imkoniyatini, mamlakatimizning tranzit rolini kengaytirish borasidagi salohiyatini ham keskin oshiradi.
Men saylovda ana shunday yutuqlarimiz bardavom bo‘lishi, ezgu maqsadlarimiz ro‘yobi, Vatanimiz va xalqimiz ravnaqi uchun ovoz berdim.