El boshiga ish tushsa, botirlar sinaladi: bunday vaziyatda moʻmin-musulmon kishi qanday yoʻl tutishi kerak?
Bugun butun dunyo bir boʻlib mudhish illat– koronavirusga qarshi kurashmoqda.
Bugun butun dunyo bir boʻlib mudhish illat– koronavirusga qarshi kurashmoqda. Afsuski, COVID-19 infeksiyasi yurtimizda ham tarqalib, odamlarning tinchini buzdi. Oʻttiz toʻrt milliondan ziyod aholi muhtaram Yurtboshimiz atrofida jipslashib, bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlikda bu oʻlatni yengishga kirishdi.
Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida karantin holati eʼlon qilinganidan keyin imom-xatiblarimiz ham xalq orasida boʻlib, imkoniyat darajasida ehtiyojmand fuqarolarga koʻmaklashib, kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlayotganini koʻrib beixtiyor toʻlqinlanib ketasan kishi. Ayniqsa, oʻz mablagʻlari hisobidan tibbiyot niqoblari, zarur dori-darmonlarni aholining muhtoj qatlamlariga yetkazib berish asnosida ularga xavotirga tushmaslikni, bu bir sinov ekanini, albatta, bunday kunlar tez orada ortda qolishini tushuntirishmoqda. Bu jarayonning bevosita ichida yurib xayolimga hazrat Alisher Navoiy bobomizning “Futuvvat – barcha qilmakdir, demak yoʻq” degan soʻzlari keldi. Darhaqiqat, muqaddas dinimizning ham asl mohiyati shu – Haq rizoligi uchun xalqqa xizmat qilish.
Bunday xayrli ishlardan, tabiiyki, odamlarimiz xursand boʻlishmoqda. Imomlarimizga: “Shuncha xayrli ishlar qilibsiz, insonlar tashakkur aytishyapti”, desangiz, ular: “Savob ish qilib, maqtanish toʻgʻri kelmaydi”; “Xalq ichidamiz”; “Zimmamizdagi vazifani bajaryapmiz, xolos” kabi javoblarni berishyapti. Aksariyat imomlarimiz amalga oshirgan ezgu ishlarini hisobot tarzida berishga ham xijolat boʻlishmoqda. Shunday fidoyi insonlar bor ekan, biz hech qachon yengilmaymiz! Shunday farzandlarni tarbiyalagan ota-onalariga MING RAHMAT! Hech shubhasiz, bunday insonlarni, yaʼni oʻng qoʻli bilan bergan sadaqasini chap qoʻli sezmaydigan kishilarni Qiyomat kuni aslo soya boʻlmagan paytda Alloh taolo Arshining soyasiga oladi. Bu haqda Imom Buxoriy bobomiz rivoyat qilganlar.
Virus tarqalganidan keyin har kuni oynai jahon orqali karantin paytida nimalarga rioya qilish zarurligi haqida ijtimoiy roliklar efirga uzatilyapti. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari orqali ham turli xabarlar tarqatilyapti. Xoʻsh, bunday vaziyatda moʻmin-musulmon kishi qanday yoʻl tutishi kerak? Infeksiya tarqalibdi, karantin payti falon sayt unday debdi, pismadoni bunday tavsiyalarni tarqatyapti, deb har qanday maʼlumotga ishonib, har qanday tavsiyaga rioya qilaverishi kerakmi? Bu haqda dinimiz koʻrsatmalari qanday?
ITOAT HAM IBODATDIR
Islomda musulmonlar oʻz rahbarlariga, ayni hozirgi holatda har bir kishi tabib-shifokorlar koʻrsatmalariga ham qatʼiy rioya etishlari zarur va shart! Ushbu kasallikning oldini olish boʻyicha shifokorlar qanday yoʻl-yoʻriq va tavsiyalar berishsa, ularga amal qilishimiz lozim. Zero, oyati Karimada: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Paygʻambarga va oʻzlaringizdan (boʻlmish) boshliqlarga itoat etingiz!” deb marhamat qilinadi (Niso surasi 59 oyat).
Dinimizda itoat bejiz ibodat darajasiga koʻtarilmagan. Chunonchi, shoir aytganidek: “Ibodat ne? Yaratganga itoat ham – ibodatdir, Haqiqiy bandalik birlan sadoqat ham – ibodatdir”.
Islomda poklikka shunchalik eʼtibor qaratiladiki, u ibodat darajasiga, hatto imon (!) darajasiga olib chiqilgan. Paygʻambarimiz alayhissalom: “Poklik – imonning yarmidir”, dedilar. Boshqa bir hadisi shariflarida: “Alloh taolo - pokdir va poklikni yaxshi koʻradi”, deyilgan.
Bugun har qadamda ana shu hadislarning amaldagi inʼikosini koʻrayotgandekmiz. Aslida, xalqimiz qadimdan poklikni juda qadrlab kelgan. Bobo-buvilarimiz, ota-onalarimizning tozalik haqidagi pandu nasihatlari shuurimizga shu qadar singib ketganki, bu amallar hayotimizning mazmuniga aylanib ulgurgan.
Oltinga teng bu pandu oʻgitlarni bugun farzandlarimizning, nabira-yu abiralarimizning qulogʻiga quyishimiz kerak. Virusdan saqlanish uchun niqob taqib, qoʻllarni yaxshilab sovunlab yuvishga eʼtibor qaratishimiz darkor!
Yurtimizdagi har bir moʻmin-musulmon ortiqcha vahimaga berilib, sarosimaga tushmasdan, dinimizga ham, qonun-qoidalarimizga ham, milliy qadriyatlarimizga ham, sharqona odob-axloqimizga ham toʻgʻri kelmaydigan harakatlar qilmasdan, balki uning oʻrniga oʻzimizga ham, oila aʼzolarimizga ham tozalik-ozodalikni lozim tutib, gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etsak, inshaalloh, bu balo tezda yurtimizdan daf boʻladi.
“KOʻPNING DUOSI - KOʻL”
Xalqimizda yaxshi bir odat shakllangan: ishi yurishmay qolgan kishi ham, yangi ish boshlamoqchi boʻlgan ham, boshiga ogʻir kunlar tushgan odam ham darhol yoshi ulugʻ kishilardan,oz boʻlsa-da qiynalganlardan, tabarruk odamlardan duo olishga shoshiladi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki duoda gap koʻp... “Duo bilan el koʻkarar, yomgʻir bilan – yer”, “Koʻpning duosi – koʻl”, “Oltin olma, duo ol” kabi dono xalqimizning maqollari duoning ahamiyati nechogʻli yuksak ekanini ifodalaydi.
Hozir qamariy taqvim hisobi boʻyicha Shaʼbon oyida turibmiz. Xalqimiz bu oyni qadimdan juda ulugʻlab keladi. Bu oyda “Baroat kechasi” bor. Baroat kechasida Alloh Azza va Jalla bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi; bir yil ichida boʻladigan ishlar haqida qazo-yu qadar hukm qilinadi; amallar sahifalari Alloh taoloning huzuriga koʻtariladi; Alloh taolo mushrik, ginachi va silai rahmni uzuvchilardan boshqa barchani magʻfirat qiladi; Alloh taoloning rahmati Yer yuziga yogʻiladi, deb Rasululloh sallallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar.
Janob Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam Shaʼbon oyining kechasida Alloh taolo shunday marhamat qilishini aytganlar: “Qani: istigʻfor aytuvchilar bormi, ularni magʻfirat qilaman?! Qani: rizq soʻrovchilar bormi, ularga rizq beraman?! Qani: boshiga mushkul ish tushganlar bormi, ularga ofiyat beraman?! Qani: biror narsa soʻrovchilar bormi, ularga soʻraganlarini beraman?!” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Ulugʻ va fazilatli oyning sharofatidan, muqaddas dinimiz hurmatidan ajdodlarimiz Shaʼbon (Baroat) oyida tugʻilgan farzand-nevaralariga “Barot”, “Baroatulloh”, “Boʻrot”, “Baratbek”, “Baroat”, “Barotxon”, “Muhammadjon”, “Rasuljon”, “Nabijon”, “Omina”, “Oysha”, “Fotima” deb ism qoʻyishgan. Demak, Shaʼbon oyi – fazilatli oy ekan.
Baroat barakali va ulugʻ oy boʻlib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga koʻplab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat boʻladi. Baroat oyida nafl roʻza tutish ham savobli ish hisoblanadi. Hadis kitoblarida keltirilgan baʼzi rivoyatlarda Shaʼbon oyida roʻza tutganlarga ulkan savoblar vaʼda qilingan. Koʻp hadisi shariflarda kelgan tavsiyalar ushbu muborak va ulugʻ oyning kechalarini toat-ibodatda, zikr va duolarda oʻtkazishga qaratilgan. Shuningdek, bu muborak oyda asosiy qilinadigan narsa tavba-tazarru ekanligi alohida taʼkidlangan. Alloh taolo Baroat oyida, ayniqsa, gunoh ishlardan saqlanishga, mazkur oyni imkon qadar koʻproq ibodat, zikrulloh bilan oʻtkazishga buyuradi.
Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallamning muborak soʻzlarini shunday fazilatli oylarda eslasak, foydadan xoli boʻlmas:
– “Kim musulmonlarning dardini oʻz dardi deya bilmasa, ular bizdan emas” (ImomTabaroniy rivoyati);
– “Eng fazilatli ibodat – boshiga tushgan bir qiyinchilikning ketkazilishini duo qilib kutishdir” (Imom Termiziy rivoyati);
– “Alloh taolo Undan hech narsa duo qilib soʻramaydigandan gʻazablanadi” (Imom Termiziy rivoyati);.
– “Sadaqa baloni qaytaradi”;
– “Kimki doimo Allohga istigʻfor aytib yurar ekan, Alloh taolo har qanday qiyin vaziyatdan chiqish yoʻlini unga koʻrsatadi. Musibatlarini yengillashtiradi (koʻtaradi) va kutmagan tarafidan meros (neʼmat, rizq) joʻnatadi” (Imom Abu Dovud rivoyati);
– “Ikki duo borki, u duolar bilan Alloh orasida qabuli uchun hech bir parda yoʻq. Biri – mazlum (zulmga uchragan)ning duosi; ikkinchisi – moʻminning boshqa moʻmin birodari haqiga qilgan maxfiy duosi”;
– “Duo boshga kelgan va kelmagan har narsaga qarshi foydalidir. Qazo (taqdir)ni faqat duo oldini oladi. Inchunin, duoga mahkam yopishing!” (Imom Termiziy rivoyati).
HIKMAT IZLAGANGA...
Bir tafakkur qilaylik. “Birni qarab shukr qil, birni qarab fikr qil” deganlariday, millatiga, diniga, irqiga, jinsiga, ijtimoiy holatiga, turar joyiga, yoshiga qaramasdan, inson zotini ayamasdan, koronavirus bezovta qilayotgan holatlardan har qanday aqlli odam oʻziga-oʻzi toʻgʻri, yetarli va aqlli xulosasini chiqarib oladi.
Endi ushbu koronavirus COVID-19 balosidan ham, boshqa illatlardan ham oʻzimizni, oilamizni, yurtimizni asrashimiz uchun “Asranganni asrayman” degan Buyuk Parvardigori olamning amrlariga, Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning tavsiyalariga amal etib, avvalo rahbarlarimizga boʻysunishimiz lozim. Ishlab turgan sohamizdan, egallab turgan lavozimimizdan, erishgan mavqeimizdan qatʼi nazar.
Shu bilan birga, COVID-19 koronavirusini oddiy koʻz bilan koʻrish iloji yoʻq boʻlib, faqatgina mikroskop koʻzi bilan koʻrish mumkinligiday, illatlarni ham oddiy koʻz bilan qarab emas, balki har bir ishimizga qalb koʻzimiz bilan karasakgina, muhtaram Yurtboshimizning iboralari bilan aytganda, halollik vaksinasi bilangina davolansak boʻladi.
Har bir ishdan, har bir yaxshiligu yomonlikdan hikmat axtarishga odatlangan xalqmiz, alhamdulillah. Bu borada oʻzimizga Jaloliddin Rumiy hazratlarining “Hikmat izlaganga – hikmatdir dunyo” degan soʻzlarini shior qilib olganmiz. Shunga koʻra, albatta, bu sinovli kunlardan ham iloji boricha hikmat izlab yashaylik. Zero, bizga yomon koʻringan narsa zamirida yaxshilik bordir. Alloh taolo Oʻzining kalomi –Qurʼoni karimda marhamat qiladi: “Balkim, sizlar yoqtirmagan narsa (aslida) oʻzlaringiz uchun yaxshi, yoqtirgan narsangiz esa (aslida) sizlar uchun yomon boʻlib chiqar. Alloh bilur, sizlar esa bilmaysizlar”(Baqara surasi 216-oyat).
XULOSA OʻRNIDA...
Azizlar, bunday ulugʻ oylar– Baroat oylarini, fazilatli kunlarni gʻanimat bilib, yurtimizning, el-xalqimizning, mahallamizning, oilamizning, qarindoshlarimizning, qoʻshnilarimizning, doʻstlarimizning, yaqinlarimizning, Yer yuzidagi barcha insonlarning haqlariga Yaratgandan yaxshi tilaklar soʻraylik…
Iloho, jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz farovonligi yoʻlida olib borilayotgan barcha xayrli ishlarda Alloh taolo madadkor boʻlsin! Parvardigori olam barcha bemorlarimizga Oʻzi shifo bersin! Koronavirus infeksiyasini tez va qisqa fursatda daf etib, turli balo-qazo, ofatu kulfat, tuhmatlardan, yomon koʻz, yomon soʻzlardan, fitnalardan, dardlardan, illatlardan, turli viruslardan Oʻzi asrasin!
Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari