Eksportchilar uchun Italiyaga «study tour» tashkil etildi (+video)
Son har doim ham sifatni anglatmaydi. Italiyaning agrar xo‘jaligi vakillari shu tamoyilga amal qilib, ilmiy yondashuvga tayangan holda har yili katta xirmon ko‘tarishadi. 2025-yilda bu ko‘rsatkich tarixiy maksimumga yetib, qariyb 73 milliard yevroni tashkil etdi. Shu bois navbatdagi “study tour” uchun aynan Yevropa Ittifoqining ushbu davlati tanlandi. Unda meva-sabzavot mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanuvchi 20 ga yaqin mahalliy eksportchi tadbirkor ishtirok etdi.
Italiyada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ishlab chiqarish asosan mamlakatning 11 ta yirik hududida jamlangan. Shulardan biri Emiliya-Romanya viloyati. Aynan shu yerda mamlakatning eng yirik qayta ishlash kooperativlari faoliyat yuritadi. Tajriba almashish dasturi doirasida tadbirkorlar ushbu hududda joylashgan 150 yillik tarixga ega “Salvi” kompaniyasiga sayohat qilindi.
Bu hududlarda do‘l doimiy holat. Shuning uchun bog‘lar do‘lga qarshi to‘rlar va yomg‘irdan himoya qiluvchi vositalar bilan jihozlangan. Chunki ortiqcha yog‘ingarchilik meva po‘stining yorilishiga sabab bo‘ladi va bu mahsulot eksportiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tuproq unumdorligini saqlash va suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida esa “in-vitro” usulida yetishtirilgan ko‘chatlarni afzal bilishadi.
“Stadi tur” doirasida qayta ishlash jarayonlari bilan ham yaqindan tanishildi. Zero, qo‘shimcha qiymat aynan shunday korxonalarda ko‘proq hosil bo‘ladi.
- Ushbu korxonaning umumiy ishlab chiqarish quvvati yiliga qariyb 370 million dona qadoq mahsulotini tashkil etadi, - deydi korxona texnologi Antonello Kesa. – Shu bilan birga, biz yarim tayyor mahsulotlar ham ishlab chiqaramiz. O‘ylaymanki, sabzavot va mevalarni qayta ishlash bo‘yicha ushbu tajriba mamlakatingiz uchun samarali bo‘ladi. Sababi har mavsumda yetishtiriladigan barcha mahsluotni iste’mol qilib bo‘lmaydi, biroq qayta ishlash liniyalari bunda yaxshi yechim bo‘la oladi.
Italiya tajribasi shuni ko‘rsatdiki, hosilning yuqori bo‘lishiga ilmiy ishlanmalar, zamonaviy texnologiyalar, samarali qayta ishlash tizimi va kooperatsiya asos bo‘ladi. O‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun ushbu tashrif alohida yechimlar, bog‘dan eksportgacha bo‘lgan yaxlit jarayonlar bilan tanishish imkonini berdi. Eng muhimi, bu tajribaning ko‘plab jihatlari bugun O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlarda ham o‘z aksini topmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/tg7VkBFjO8U?si=KyGDR7VfZAZXcOBL" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA