Eksportchilar muammolari muhokama qilindi
Sirdaryo viloyatida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, eksportyor korxonalar va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularni qiynayotgan masalalar, eksport hajmini oshirish, bojxona jarayonlarini yanada takomillashtirish hamda tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga oid takliflar muhokama qilindi.
Sirdaryo viloyati Yoshlar markazida tashkil etilgan muloqotda Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nodir Musamuhamedov, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Faxriddin Qo‘shoqov, davlat idoralarining hududiy rahbarlari, eksportyor korxonalar va 110 nafardan ziyod tadbirkor ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — davlat idoralari va biznes vakillari o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va ularga amaliy yechimlar topishdan iborat bo‘ldi.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Faxriddin Ko‘shoqov mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, xususiy sektor faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda eksport salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtaldi.
— Tadbirkorlarning har bir taklifi va murojaati biz uchun muhim. Ularni joyida o‘rganish, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va amaliy yechimlar ishlab chiqish hudud iqtisodiy taraqqiyotining muhim omillaridan biridir, — dedi hokimning birinchi o‘rinbosari.
Bojxona qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Nodir Musamuhamedov esa bu kabi ochiq muloqotlar tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash, sohadagi muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni belgilashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
[gallery-30410]
Muloqot davomida tadbirkorlar eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish, bojxona rasmiylashtiruvi, logistika, sertifikatlash, litsenziyalash, mavjud imtiyozlardan foydalanish va xorijiy bozorlarga chiqish bilan bog‘liq qator masalalarni o‘rtaga tashladilar.
Murojaatlarni har tomonlama ko‘rib chiqish va ularga tegishli yechimlar topish maqsadida tadbirga 18 ta vazirlik va idoraning hududiy mas’ullari jalb etildi. Shuningdek, Bojxona qo‘mitasining markaziy apparati rahbarlari videokonferensaloqa orqali ishtirok etib, tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
Uchrashuvda Sirdaryo viloyatining tashqi iqtisodiy ko‘rsatkichlari ham tahlil qilindi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda hududning eksport salohiyati sezilarli darajada yuksalmoqda. Xususan, sanoat mahsulotlari eksporti 119 million dollardan 328,5 million dollargacha oshirilib, qariyb 2,7 barobar o‘sishga erishilgan.
Ayni paytda viloyatda sanoat hamda meva-sabzavot mahsulotlari eksportini 453,9 million dollarga yetkazish, yangi eksport bozorlarini o‘zlashtirish va xorijiy investitsiyalar hajmini oshirishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra Sirdaryo viloyati tashqi savdo aylanmasi 994 million dollarni tashkil etgan. Viloyat hududidagi chegara bojxona postlari orqali esa 106 mingdan ziyod transport vositasi va qariyb 1 million nafar fuqaro harakatlangan.
Tadbir doirasida tashqi savdo va eksport rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkorlar ham taqdirlandi. Jumladan, «Beton Sanoat» MCHJ rahbari Xilola Obidova «Eng yaxshi ayol tadbirkor», «Sirdaryo-Mega-Lyuks» MCHJ rahbari Muhiddin Normatov «Eng intizomli tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi»,“Chelebi textile” MCHJ xorijiy korxona rahbari O‘zkan Jemil Nazif «Eng yaxshi eksportyor» nominatsiyalariga munosib ko‘rildi.
Shuningdek, «Kristall Almaz Group» qo‘shma korxonasi rahbari Saber Muhammad Zahir «Eng yaxshi bojxona hududida qayta ishlovchi» nominatsiyasi bilan taqdirlandi. «Sirdarya Ceramics Production» korxonasiga esa tashqi iqtisodiy faoliyatdagi ishonchli hamkorlik va yuqori samaradorlik uchun «Vakolatli iqtisodiy operator» maqomi berildi.
Muloqotning savol-javob qismida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Ayrim masalalar shu yerning o‘zida hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan takliflar bo‘yicha mas’ul idoralarga aniq vazifalar belgilab berildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA