Eksport va investitsiya yo‘lida yangi qadam
Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Afg‘oniston Islom Respublikasiga amaliy tashrif bilan bordi. Mazkur tashrif hududning eksport salohiyatini yanada kengaytirish, o‘zaro savdo aylanmasini oshirish hamda investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tashrif doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar, sohaviy muzokaralar hamda tadbirkorlar ishtirokidagi muloqotlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, to‘qimachilik va boshqa sanoat yo‘nalishlarida hamkorlik imkoniyatlari atroflicha muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Sirdaryo viloyatida yetishtirilayotgan meva-sabzavot, don mahsulotlari hamda qayta ishlangan oziq-ovqat tovarlarini Afg‘oniston bozoriga tizimli ravishda yetkazib berish, eksport hajmini bosqichma-bosqich oshirish masalalari kun tartibidan o‘rin olgan.
Shuningdek, logistika zanjirini samarali yo‘lga qo‘yish, transport xarajatlarini optimallashtirish, savdo infratuzilmasini takomillashtirish va qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha qator takliflar ham ilgari surilmoqda.

Investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish orqali ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda zamonaviy texnologiyalarni jalb etish asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilangan.
Uchrashuvlar davomida tadbirkorlar o‘rtasida B2B formatdagi muloqotlar tashkil etilishi, aniq loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishish va o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, mazkur tashrif hududlararo iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri