Eksport salohiyatini oshirish – muhim masala
“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatida Toshkent shahri uchun belgilangan eksport prognoz ko‘rsatkichlarini ta’minlash va eksportni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatida Toshkent shahri uchun belgilangan eksport prognoz ko‘rsatkichlarini ta’minlash va eksportni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.Unda Toshkent shahar va tumanlari hokimlari, eksportyor korxonalar rahbarlari va mas’ullari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari E.Tojiyev, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.Ortiqxo‘jayev va boshqalar mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirishda mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 29 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida eksport-import, mahalliy byudjetga qo‘shimcha tushumlarni ta’minlash, qishloq xo‘jaligida g‘o‘za parvarishi, g‘alla o‘rimi, takroriy ekinlar va suvdan oqilona foydalanish kabi muhim masalalar tanqidiy tahlil etilgan edi. Unda chetga mahsulot va xizmatlarni eksport qilish bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida belgilangan rejalarni bajarmagan respublika tashkilot va korxonalari, hududlar faoliyatidagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Shu talablarga muvofiq o‘tkazilgan ushbu yig‘ilishda Toshkent shahri va viloyatlarda faoliyat yuritayotgan korxonalarning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, bu jarayondagi muammolar va g‘ov bo‘layotgan to‘siqlarni bartaraf etish masalalari atroflicha tahlil etildi.
– Davlatimiz tomonidan eksportyor korxonalar faoliyatini takomillashtirish va ularga har tomonlama qulayliklar yaratish choralari ko‘rilmoqda, – deydi “Samarqand Garden Plast” qo‘shma korxonasi bosh direktori o‘rinbosari A.Sattorov. – Korxonamiz tasarrufida 1000 gektar bog‘ hosilga kirgan. 700 gektariga ekilgan nihollar 3 yilda meva beradi. Yaqin kunlar ichida 110 tonna gilosni Janubiy Koreyaga eksport qilmoqchimiz. Mahsulotlarimizni chetga eksport qilishda viloyat va tuman hokimligi yaqindan ko‘mak berayotganidan mamnunmiz.
Yig‘ilishda “Sharof Rashidov eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh ish yurituvchisi A.Ibragimov, “Kombi vostok” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi N.Omonov, “Ideal inter biznes” firmasi rahbari yordamchisi G.Xalilova singari ishbilarmonlar tizimda uchrayotgan muammolar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.Otajonov so‘zga chiqdi.