Eksport salohiyati yanada yuksaladi
Andijonda fermer xo‘jaliklarining tashqi iqtisodiy faoliyatdagi ishtirokini kengaytirish, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqishga qaratilgan faol eksport siyosatini qo‘llab-quvvatlash borasida xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi O‘zLiDeP deputatlik guruhlari vazifasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Andijonda fermer xo‘jaliklarining tashqi iqtisodiy faoliyatdagi ishtirokini kengaytirish, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqishga qaratilgan faol eksport siyosatini qo‘llab-quvvatlash borasida xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi O‘zLiDeP deputatlik guruhlari vazifasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Andijon viloyati kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlari, partiya faollari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, tumanlar fermerlar kengashlari, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari rahbarlari, Andijon qishloq xo‘jaligi instituti professor-o‘qituvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Unda Prezidentimiz rahnamoligida agrar sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida fermer xo‘jaliklariga keng imkoniyatlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2016-yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
– Bugungi tadbir fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, sotish, eksport qilish borasidagi ishlarni takomillashtirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilab olish imkonini berdi, – deydi O‘zLiDeP Andijon viloyati kengashi raisi Zuhriddin Jumaboyev. – Viloyatda tijorat banklarning 50 dan ortiq filiali, tumanlarda “Agrotexservis” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, 146 yoqilg‘i va mineral o‘g‘it sotish shoxobchasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Yer maydonlarini optimallashtirish natijasida 1 ming 481 yangi fermer xo‘jaligi tashkil etildi, 28 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.
“Fermer xo‘jaliklari faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslari, uni yanada takomillashtirish istiqbollari”, “Viloyatdagi fermer xo‘jaliklarining rivojlanish tajribasi, samaradorligi va rentabelligini hisobga olgan holda ularni oqilona va qulay miqdordagi yer uchastkalari bilan ta’minlash”, “Fermer xo‘jaliklari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyatidagi ishtirokini rag‘batlantirishga doir ustuvor vazifalar” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Oqsuv”, Shahrixon tumanidagi “Guljahon”, Izboskan tumanidagi “Jonobod chorvasi” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari ish tajribasini ommalashtirish, mahsulotlar eksporti bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash va bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda deputatlar ishtirokini kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
– Xo‘jaligimizning faoliyati yildan-yilga kengaymoqda, – deydi “Jonobod chorvasi” fermer xo‘jaligi rahbari Azizbek Daminov. – Sutni qayta ishlash korxonamizda o‘n turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. 2015-yilda qariyb 150 million so‘mlikdan ortiq mahsulot xaridorlarga yetkazib berildi. Mahsulotni eksport qilish bo‘yicha zarur ma’lumotlarga ega bo‘lishimizda bunday tadbirlar juda qo‘l keladi.