Ekomarafon qatnashchilari Buxoroda
Toshkent shahridan boshlanib, Samarqandda davom etgan tadbirning qatnashchilari 18-oktyabrda Buxoroga yetib keldilar.
25-oktyabr kuni Nukus shahrida tashkil etiladigan yuqori darajadagi Orol konferensiyasi arafasida “Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostida mamlakatimizning olti shahri boʻylab “ARAL MARATHON” xalqaro ekologik marafon boʻlib oʻtmoqda.
Toshkent shahridan boshlanib, Samarqandda davom etgan tadbirning qatnashchilari 18-oktyabrda Buxoroga yetib keldilar.
Ekomarafon dasturi doirasida shu kuni Buxoro davlat tibbiyot instituti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Buxoro filiali hamda boshqa tashkilotlarda “Orol muammosini birgalikda bartaraf etaylik” mavzuida davra suhbatlari oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Faxriddin Xolboyev soʻzga chiqdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qoʻllab-quvvatlashi natijasida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi, qator vazirliklar, Milliy gvardiya, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Yengil atletika federatsiyasi hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha faol yoshlar ijtimoiy faolligini oshirish bilan bir qatorda, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilishda muhim ahamiyatga egaligi taʼkidlandi. Qayd etish lozimki, ekologik marafonning maqsadlar - jamoatchilikni atrof- muhitni muhofaza qilish ishlariga keng jalb qilish, aholining ekologik va tibbiy madaniyatini yuksaltirish, ekologik barqarorlikni taʼminlashda davlat organlari va jamoat birlashmalari bilan hamkorlikni kuchaytirish Oʻzbekiston Ekologik partiyasining asosiy dasturiy vazifalari bilan uygʻundir.
Muloqotlarda Orol dengizi suv sathining keskin kamayib borishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik kulfat oqibatlarini bartaraf etish, xalq farovonligini yanada yaxshilash, jumladan, Moʻynoqda mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar haqida ham keng maʼlumotlar berildi.
Ekomarafon ishtirokchilari 19-oktyabr kuni Buxoro shahrining tarixiy hududidagi “Poyi Kalon” majmuasi oldida jamlandilar. Bu yerda ular dastlab badiiy musiqiy dasturdan bahramand boʻldi.
Shundan soʻng “Poyi Kalon” majmuasidan yugurish musobaqasi boshlandi. Unda ishtirok etgan 2 mingdan ziyod oʻquvchi va talabalar, turli yosh hamda kasbdagi kishilar Afrosiyob, Ibn Sino va Islom Karimov koʻchalari boʻylab 5 kilometr masofani bosib oʻtib, shahar madaniy markazi oldidagi “Koʻhna va boqiy Buxoro” monumenti yoniga yetib keldilar. Uning 15 nafar ishtirokchisi diplom va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.
- Maʼlumki, suv resurslarini tejash, xususan, bu borada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, ekologik barqarorlikni taʼminlashning eng samarali yoʻlidir, - deydi marafon ishtirokchisi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi faoli Jasurbek Shukurov. - Obi - hayotning qadri baland. Shuning uchun ham marafon qatnashchilari idishdagi suvni qoʻldan-qoʻlga uzatgan holda olib oʻtishayotganida ramziy maʼno bor. Demak, obi-hayotni asrash uchun har bir kishi masʼul.
Yugurish estafetasini u kechgan koʻchalar boʻylab minglab kishilar kuzatib, olqishlab turishdi. Ular orasida xorijlik sayyohlar ham bor edi.
-- Tadbirda yoshlar men va turmush oʻrtogʻimga uni ekologik ahamiyatga egaligi, Orolni asrashga qaratilgan marafon ekanligini tushuntirishdi, - deydi Germaniyadan tashrif buyurgan Rozzali Robert.—Bu juda ajoyib tashabbus. Bizda ham Orol dengizi bilan bogʻliq muammoni bilishadi. Demak, befarq emasmiz. Kishilar ekologik madaniyati va ongi qanchalik yuqori boʻlsa, ularning tabiat va jamiyat oldidagi masʼuliyati oshadi. Bugungi ommaviy tadbir ana shunga xizmat qiladi.
Ekomarafon tashkilotchilaridan iborat qatnashchilar Xorazm shahri tomon yoʻl oldilar.