Ekologiyaga oid huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi
Davlatimiz rahbari joriy yil 4-mayda “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etildi.
Unga ko‘ra, daryolarning o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitga yetkazilgan zararning 3 baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi.
Suvlarni ifloslantirganlik, shuningdek suv ob’ektlariga oqova suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlari to‘g‘risidagi talablarni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘lovining 10 baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi.
Yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yoki ularga biriktirilgan hududdagi daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmaganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitga yetkazilgan zararning 5 baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
N.Abduraimova,
O‘zA