Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi nazoratda
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi”da ekologiya va atrof-muhitni asrash bo‘yicha muayyan ijobiy tajriba to‘plangan.
Korxona tomonidan 2025-2026 yillar uchun ishlab chiqilgan “Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari dasturi” izchil amalga oshirilmoqda.
Jumladan, ishlab chiqarishda foydalanilayotgan yoqilg‘ining sifati xromotografik usul bilan nazorat qilib boriladi, tahlillar natijalariga ko‘ra gazning sifat tarkibi hamda oltingugurt dioksid miqdori “Gost 5542-2022” standarti talablariga muvofiqligi ta’minlanmoqda.

Stansiya faoliyati jarayonida atmosfera havosining ifloslanishini nazorat qilib turish maqsadida birinchilardan bo‘lib ikkita avtomatik statsionar kuzatuv qurilmalari – meteopostlar o‘rnatilgan. Ma’lumotlar boshqaruv monitorlariga uzatiladi, tizim esa jamiyat boshqaruv apparati orqali respublika Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilingan.

Ishlab chiqarishda foydalaniladigan texnik suv tozalash inshootida tozalangan holda kanalga qayta chiqariladi, suv tindirish hovuzlari esa har yili loyqalardan tozalanadi.
Stansiyada “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2021-2025 yillarda 22,8 gektar maydonga 25 mingdan tupdan ziyod mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi hamda “Yashil belbog‘” hududlari, 55,5 ming metr uzunlikda tomchilatib sug‘orish tizimi barpo qilindi. Daraxtlar agrotexnik talablar asosida parvarish qilinmoqda.

Bundan tashqari korxonada 4,9 gektar bo‘sh yer maydonida barpo qilingan quvvati 4,5 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi muvaffaqiyatli ishlamoqda. Joriy yilning o‘tgan besh oyi davomida ushbu stansiya orqali 2,3 million kVt.soatdan ziyod elektr energiyasi ishlab chiqarildi.


– Korxonamizda utilizatsiya talablariga ham jiddiy e’tibor qaratilib, ishlab chiqarish jarayonida foydalanilgan yaroqsiz havo filtrlari utilizatsiya qilinmoqda, qora va rangli metal parchalari qayta ishlashga yuborilmoqda, qattiq va maishiy chiqindilar belgilangan tartibda olib chiqilmoqda. Quvonarlisi, 5 iyun – Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan poytaxtimizda o‘tkazilgan tantanali tadbirda stansiyamizda amalga oshirilayotgan ishlar nufuzli ekspertlar tomonidan munosib e’tirof etildi, – deydi “To‘raqo‘rg‘on IES” korxonasi mas’ul xodimi Ravshan Mirsaidov.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.