Ekologiya sohasida mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Toshkent davlat yuridik universitetida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Adliya vazirligi hamkorligida “O‘zbekistonning ekologiya sohasidagi xalqaro hamkorligi: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
5-iyun — Butunjahon atrof-muhit kuni sanasi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda deputatlar, Adliya vazirligi vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari, Polsha, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkiya, Belarus, Ozarbayjon davlatlarining yetakchi huquqshunos olimlari va ekolog mutaxassislari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda butun dunyoda, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida kuzatilayotgan global iqlim o‘zgarishlari, suv resurslarining taqchilligi va bioxilma-xillikni saqlab qolish masalalari xalqaro hamkorlikni, birgalikda chora-tadbirlarni ko‘rishni taqozo etadi. Konferensiyada aynan shu kabi global ekologik chaqiriqlarga huquqiy yechimlar izlash, sohaga oid milliy qonunchilikni takomillashtirish hamda tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
— Mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiatni muhofaza qilish sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, — dedi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi X.G‘afforov. — “2030-yilgacha bo‘lgan davrda atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori ekologiya sohasidagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Shuningdek, “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi, “Ekologik audit to‘g‘risida”gi, “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi yangi qonunlar qabul qilinib, sohaning huquqiy asoslari mustahkamlandi.

Konferensiyada O‘zbekistonning ekologiya sohasidagi tajribalari, ekologik qonunchilikni kodefikatsiyalash, iqlim o‘zgarishlari salbiy oqibatlarining oldini olish, Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishida mintaqaviy hamkorlik omillari hamda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishdagi huquqiy mexanizmlar kabi masalalar muhokama etildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA