Ekologik toza hududlarda inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar cheklanadi
Davlatimiz rahbari joriy yil 14-mayda “Ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi belgilanishi munosabati bilan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonunni imzoladi.
Qonun bilan qanday yangiliklar joriy etiladi? Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev shu haqda gapirib berdi:
– Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tabiiy muvozanatni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sohada ilmiy izlanishlarni olib borish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda muhim omil hisoblanadi.
“Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunda mazkur hududlarni tashkil etish, boshqarish va kengaytirish bilan bog‘liq huquqiy asoslar belgilangan.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgani natijasida bunday hududlar umumiy maydoni 6,3 million gektarga yetkazilib, ular mamlakat hududining 14,2 foizini tashkil etadi.
Ayni paytda yurtimizda 7 ta davlat qo‘riqxonasi, 11 ta tabiat yodgorligi, 12 ta buyurtma qo‘riqxonasi, 2 ta biosfera rezervati, bittadan majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi, milliy bog‘, Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi mavjud.
Mazkur hududlarda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan umurtqali hayvonlarning 102 turi (83 foizi), o‘simliklarning 280 turi (89 foizi) uchraydi.
Keyingi yillarda qator muhofaza etiladigan tabiiy hududlar xalqaro tan olingan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritildi. Jumladan, “Chotqol” davlat biosfera qo‘riqxonasi va “Ugam-Chotqol” hamda “Quyi Amudaryo” davlat biosfera rezervatlari – YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga; “Saygachiy” majmua buyurtma qo‘riqxonasi va “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘i – Umumjahon tabiiy merosi ob’ektlari ro‘yxatiga; “Quyimozor” va “To‘dako‘l” suv omborlari, “Sudoche” ko‘llar tizimi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro ahamiyatga ega suv-botqoqlik hududi sifatida Ramsar konvensiyasi ro‘yxatiga kiritildi.
Tog‘li hududlarning mavjud turistik salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, xalqaro umummavsumiy kurortlar, mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va boshqa turizm infratuzilmasi ob’ektlarini barpo etish, mavjud resurslardan samarali foydalanish hamda qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish maqsadida bir qator turistik zonalar tashkil etildi.
Shu bois, hududlarning ekologik holatidan kelib chiqib, atrof-muhitni muhofaza qilish, atmosfera havosi, suv, yer, tuproq, yer qa’ri va bioxilma-xillikka, shuningdek, inson salomatligiga salbiy ta’sir qiluvchi omillarni keskin kamaytirish maqsadida ekologik toza hududlarni hamda rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan tabiiy ob’ekt va majmualarni holatiga salbiy texnogen ta’sirning oldini olish imkoniyati bo‘lgan hududlarni belgilash zarurati yuzaga keldi.
Shu sababli, “Ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi belgilanishi munosabati bilan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ishlab chiqildi va qabul qilindi.
Mazkur qonun Prezidentimizning 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 7 - bandida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun bilan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunga ekologik xavfsizlikni ta’minlash, kurort va ekoturizm salohiyatini oshirish, bioxilma-xillikni muhofaza qilish hamda mamlakatimizning xalqaro ekologik nufuzini yuksaltirishga qaratilgan qo‘shimcha kiritildi. Qonun yangi 411 va 412-moddalar bilan to‘ldirilib, ekologik toza hududlar doirasiga aniqlik kiritildi.
Qonunning Ekologik toza hududlarni belgilovchi 411-moddasiga ko‘ra, kurort tabiiy hududlar va rekreatsiya zonalarida joylashgan, atrof tabiiy muhitiga ko‘rsatiladigan ta’siri yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan me’yorlardan oshmaydigan, energiya samaradorligi yuqori infratuzilmalar bilan ta’minlangan, chiqindilarni samarali boshqarish tizimi joriy etilgan, yuqori rekreatsiya va ekoturizm salohiyatiga hamda boy biologik xilma-xillikka ega bo‘lgan hududlar - ekologik toza hududlar hisoblanadi.
Kurort tabiiy hududlardagi ekologik toza hududlar Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining birgalikdagi taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining qarorlari bilan tashkil etiladi.
Rekreatsiya zonalaridagi ekologik toza hududlar Turizm qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining birgalikdagi taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining qarorlari bilan tashkil etiladi.
Ekologik toza hududlar tashkil etilishi ushbu hududlarning amaldagi huquqiy maqomini o‘zgartirmasligi qonunda mustahkamlab qo‘yildi.
Qonunning 412-moddasida ekologik toza hududlarda kurort tabiiy hududlar va rekreatsiya zonalari rejimidagi cheklovlar hamda taqiqlar belgilandi.
Unga ko‘ra, ekologik tizimlarning barqarorligi buzilishi va tabiiy landshaftlarning ko‘rinishi hamda yer osti suvlarining gidrogeologik holati o‘zgartirilishiga olib keladigan ishlarni amalga oshirish; tabiiy ob’ektlarga va majmualarga salbiy ta’sir qiluvchi sanoat ob’ektlarining qurilishi va faoliyat ko‘rsatishi; ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan plastik mahsulotlarning ishlab chiqarilishi, realizatsiya qilinishi; ekologik toza hududlardagi faoliyati natijasida oqova suv hosil qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ishlab chiqarish ob’ektlari hamda avtomobil yuvish shoxobchalari oqova suvlarni tozalash inshootlari bilan jihozlanishi, tegishli ravishda tozalangan oqova suvlarni oqizib yuborish uchun oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlariga ulanishi yoki ularda oqova suvlarni to‘plash uchun muqobil inshootlar qurilishi, aylanma suv ta’minoti joriy etilishi va ulardan samarali foydalanilishi shartligi qayd etildi.
Davlat ekologik ekspertizasining xulosasi asosida aniqlangan muhofaza etiladigan tabiiy ob’ektlar va majmualarga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa faoliyat turlari taqiqlanishi belgilandi.
Qonun ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi aniq belgilanishi, ularda ekologik barqarorlikni ta’minlash va tabiiy ob’ektlarni saqlab qolish bo‘yicha huquqiy asoslarni mustahkamladi. Ekologik toza hududlarda inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni cheklash, yashil texnologiyalarni joriy etish va ekologik xavfsiz rekreatsiya hamda ekoturizmni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga huquqiy zamin yaratildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun 2026-yil 5-avgustda kuchga kiradi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA