Ekologik tahdidlarning salbiy ta’siri
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqi keng muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, davlat rahbari o‘z nutqida ekologiya, atrof-muhit hamda Orol muammosiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Darhaqiqat, yurtimizda ekologik tahdidlarning salbiy ta’siri ortib bormoqda. Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyat tobora keskin tus olmoqda. Buni mamlakatimizning ko‘pgina hududlarida sodir bo‘lgan qum bo‘ronlari ham yana bir bor tasdiqladi.
Davlatimiz rahbari nutqida bu borada Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida e’lon qilish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasini hayotga tatbiq etishga doir tizimli va kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilangan.
Shuningdek, BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish borasidagi faoliyatni jadallashtirish, joriy yil avgust oyida mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi konferensiyada qabul qilingan qaror va hujjatlarning izchil bajarilishi uchun xalqaro hamkorlar bilan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Yig‘ilishda Taraqqiyot strategiyasi doirasida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, zamonaviy yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish, jamoat transporti hamda hududlararo muntazam avtomobil, temir yo‘l va havo qatnovini yaxshilash bo‘yicha ham yirik loyihalar amalga oshirilishi qayd etilar ekan, bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi oldida muhim vazifalar turgani ta’kidlandi.
Deputatlar ushbu yo‘nalishdagi maqsad-vazifalardan kelib chiqib, ekologik tahdidlarning salbiy ta’sirini kamaytirishga doir o‘z taklif hamda mulohazalarini bildirdilar. Yig‘ilish so‘nggida fraksiya oldidagi vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA