Ekologik muammolar “girdobi” kengaymoqda
Buxoro viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasida “Ekologik muammolar olimlar nigohida” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
Ekopartiya faollari va deputatlari, Oliy ta’lim muassasalari professor o‘qituvchilari, hamkor tashkilotlar vakillari qatnashgan tadbirda tabiati o‘zgaruvchan, cho‘llanishga o‘ta moyil Buxoro viloyatidagi mavjud ekologik muammolar haqida so‘z bordi. Sohada ilmiy asoslangan tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq qilish, istiqbolda amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Ahamiyatlisi ekologiya va qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning takliflari umumlashtirilib Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekopartiya fraksiyasiga taqdim etiladi. Mavjud ekologik muammolardan kelib chiqib ekologiyaga oid turli masalalar Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari muhokamasiga kiritiladi.
[gallery-10454]
– Darhaqiqat iqlim o‘zgarishi, atrof muhit holatiga e’tiborsiz munosabatda bo‘lish, tabiiy resurslardan me’yordan ortiq foydalanish va ekologik talablarga bepisand munosabatda bo‘lish Orol dengizi qurishi, cho‘llanish, yer va suv resurslarining tanazzuli, o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondining yomonlashuvi, biologik xilma-xillikning qisqarishi, ko‘p miqdordagi sanoat, maishiy va boshqa chiqindilarning hosil bo‘lishi kabi bir qator global va mintaqaviy ekologik muammolar barchani birdek tashvishga solmoqda, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati partiya tashkiloti raisi Jahongir Sharipov. –
bugungi kunda suv havzalari nafaqat insoniyatning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish, balki o‘simlik va hayvonot dunyosining o‘ziga xos yashash muhiti sifatida ham alohida ahamiyatga ega. Yer yuzida katta maydonni egallashiga qaramasdan suv havzalaridan oxirgi yillarda sanoat hamda xo‘jalik ehtiyojlari uchun keng foydalanish ularga bo‘ladigan turli ta’sirlar ko‘lamining kengayishiga va ularni xalqaro miqyosda muhofaza qilishga ehtiyoj tug‘dirdi.
Shu asosda 1971 yilning 2 fevralida Eronning Ramsar shahrida “Suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq yerlar to‘g‘risida” gi Konvensiya qabul qilindi. Mazkur Konvensiyaning maqsadi inson va uning atrofini o‘rab turgan muhitning o‘zaro bog‘liqligini hamda suvli-botqoq yerlarning iqtisodiy, madaniy va rekreatsiyaviy ahamiyatini hamda suvda suzuvchi qushlar va ularning muhofazasiga xalqaro resurs sifatida qaralishi lozimligini tan olgan holda uzoqni ko‘zlagan milliy siyosat bilan xalqaro harakatlar muvofiqlashtirilishini ta’minlashdan iborat.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, o‘zaro muloqotning asosiy masalalariga o‘tishdan avval 2 fevral “Suvli-botqoq yerlar kuni” ning ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyatda ekilayotgan ko‘chatlarning parvarishi, sug‘orish tizimlarini takomillashtirish, bu borada mas’ullarning mas’uliyatini yanada oshirish masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
– Biologik xilma-xillikning kamayishi oldini olish maqsadida hayvonlarni ovlashga moratoriy joriy etish maqsadga muvofiq hisoblanadi, – deydi viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Umarov. – Tabiatga yetkazilayotgan zarar insonga yetkazilayotgan zarar sifatida qabul qilinmas ekan, ekologik muammolar kelajakka xavf solishda davom etadi. Ya’ni, ekologik muammolarni dunyo hamjamiyati birgalikda bartaraf etishga kirishsagina bugungi va kelajak avlodga sog‘lom tabiiy muhitni asrab-avaylagan bo‘lamiz.
Oliy ta’lim muassasalari olimlari tomonidan viloyatning cho‘l hududlaridan kirib kelayotgan chang va tuz bo‘hronlarining oldini olish maqsadida ko‘ngillilar ishtirokida saksovul urug‘larini terish hamda keng jamoatchilik bilan saksovul urug‘lari va ko‘chatlarini belgilangan joylarga ekish bo‘yicha “Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostida “Yurtimizni yashillikka qoplaymiz” loyihasini amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi. Loyihani ko‘ngillilar, faol talabalar ishtirokida amalga oshirish bo‘yicha mutasaddi va tashabbuskorlarning vazifalari belgilab olindi.
Zarif Komilov,
O‘zA