Ekologik loyihalar uchun 1 milliarddan ortiq grant ajratildi
Poytaxtimizda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Yashil innovatsiyalar” tanlovining Respublika bosqichi doirasida yoshlarning ekologik loyihalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda global iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolar yechimida yosh avlodning innovatsion yondashuvi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois mamlakatimizda yosh olimlar va ixtirochilarning «yashil» g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilyapti.

Buning yorqin isboti sifatida, “Yashil tashabbuslar jamg‘armasi” hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan “Yashil innovatsiyalar” (Green Spark) ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi yakunlandi.
Mazkur nufuzli bellashuv yurtimizning turli hududlaridan kelgan eng iqtidorli yoshlarni birlashtirib, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan eng istiqbolli loyihalarni saralab berdi.

Final bosqichiga yo‘l olgan 87 ta loyiha orasidan 24 ta ekologik loyiha jami 1 milliard 140 million so‘m grant bilan qo‘llab-quvvatlandi. Taqdimotlar davomida loyihalarni rivojlantirish, ularni amaliyotga tatbiq etish va keyingi bosqichlarda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ekspertlardan tavsiyalar olindi.

Forumning ochilish marosimida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ishtirok etib, finalchilarni tabrikladi. Shuningdek, davlat tashkilotlari, biznes vakillari, banklar, investorlar va soha ekspertlari ishtirokida ochiq muloqotlar tashkil etildi.

Gulnoza Boboyeva,
O‘zA