Ekologik barqarorlik yo‘lida muhim tashabbus
Poytaxtimizda “Strategik ekologik baholash” mavzusida xalqaro trening tashkil etildi.
Mazkur seminar Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “Orolbo‘yi mintaqasida strategik ekologik baholash asosida rivojlanish rejalarini takomillashtirish” loyihasi, YeXHTning “Markaziy Osiyoda strategik ekologik baholash sohasida salohiyatni mustahkamlash — II faza” loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Seminarning asosiy maqsadi strategik ekologik baholashning huquqiy va ilmiy asoslarini chuqur o‘rganish, uning strategik rejalashtirish jarayonlardagi ahamiyati, ekologik barqarorlikni ta’minlashdagi roli va xalqaro amaliyotdagi afzalliklarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududlarida amalga oshirilgan pilot loyihalar natijalari taqdim etildi. Bu tashabbuslar atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan muhim qadamlar ekani qayd etildi.

Seminarda ishtirokchilar uchun amaliy mashg‘ulotlar, davra suhbatlari va tajriba almashinuv sessiyalari tashkil etildi. Ushbu tadbir strategik ekologik baholash bo‘yicha metodologiya va yondashuvlarni amalda sinovdan o‘tkazish imkonini yaratib, kelgusidagi mintaqaviy va soha rivojlanish dasturlarida ekologik omillarni hisobga olishni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Seminar yakunida ishtirokchilar strategik ekologik baholash sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlab, O‘zbekistonning ekologik xavfsizlik va barqaror rivojlanishga qaratilgan maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA