Ekologik barqarorlik – milliy taraqqiyot asosi
Global dunyoda kuzatilayotgani kabi mamlakatimizda ham ekologiya bilan bog‘liq muammolar dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.
2030-yilgacha Barqaror rivojlanish milliy maqsadlari doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, suv resurslarini asrash va sanitariya sohasida ham muhim islohotlar boshlab yuborilgan. Sanoat korxonalarida mahalliy oqova suvlarni tozalash inshootlari modernizatsiya qilinmoqda, avtomobillarni yuvish shoxobchalarida suv tejovchi texnologiyalar joriy etilmoqda. Transchegaraviy suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish borasida mintaqaviy hamkorlik ham mustahkamlanmoqda.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, atrof-muhit holatini yaxshilash va shaharlarning ekologik barqarorligini ta’minlash maqsadida havo, suv hamda tuproq sifati ustidan monitoring tizimlari kengaytirilmoqda. “Toza havo” loyihasi doirasida sanoat korxonalaridagi chang va gaz tozalash uskunalari yangilanmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida esa millionlab ko‘chatlar ekilib, mamlakatning yashillik darajasi 15 foizga yetkazildi.
Barqaror iste’mol va ishlab chiqarish tamoyillarini keng joriy etishda chiqindilarni boshqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Chiqindilarni raqamli boshqarish tizimlari joriy etilmoqda, mahsulotlarni ekologik tamg‘alash amaliyoti kengaytirilmoqda. Shu bilan birga, chiqindilarni qayta ishlash va ulardan energiya olishga qaratilgan zamonaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ekologik barqarorlikni ta’minlashda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish ham muhim omildir. Shu maqsadda “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi amalga oshirilib, aholida tabiatga mas’uliyatli munosabat va barqaror turmush tarzini shakllantirishga e’tibor kuchaytirilmoqda. “Green University” va yashil texnikumlar bazasida ekologik yo‘nalishlar uchun malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar olib borish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish borasidagi majburiyatlar ham bosqichma-bosqich kuchaytirilmoqda. Parij kelishuvi doirasida O‘zbekiston 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 2010-yil darajasiga nisbatan 35 foizga kamaytirish majburiyatini olgan. Shuningdek, 2035-yilgacha ushbu ko‘rsatkichni 50 foizga qisqartirish maqsadi belgilangan.
Bioxilma-xillikni asrash va o‘rmon maydonlarini kengaytirish ham ekologik siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri. Bugun mamlakatda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni umumiy hududning 14,2 foiziga yetkazildi. Milliy tabiiy meros ob’ektlari ro‘yxati shakllantirildi. Cho‘l va tog‘oldi hududlarida esa minglab gektar maydonlarda yashil qoplamalar va himoya o‘rmonzorlari barpo etilmoqda.
Ushbu chora-tadbirlar ekologik xavfsizlikni mustahkamlash, tabiiy resurslarni asrash va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bilan bir qatorda, kelajak avlodlar uchun sog‘lom va qulay atrof-muhit yaratishga xizmat qiladi. Eng muhimi, ekologik barqarorlik endi faqat tabiatni muhofaza qilish masalasi emas, balki iqtisodiy taraqqiyot, aholi salomatligi va mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi bilan chambarchas bog‘liq vazifaga aylanmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA