Ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash doimo e’tiborda
Buxoro viloyatida mahallalardagi ijtimoiy holat, shuningdek, ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni yanada kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buni viloyatning Kogon, Buxoro shaharlari hamda Kogon, Qorako‘l va Olot tumanlarida aholi uchun yaratilgan qulayliklar, ayniqsa, xotin-qizlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha erishilgan amaliy natijalar misolida ham ko‘rish mumkin.
Viloyat aholisi bugungi islohotlardan, hudud rahbarlari, xususan, sektor rahbarlari tomonidan olib borilayotgan ishlardan mamnun.
Sektorlar rahbarlari tomonidan hududlarda fuqarolar bilan ishlashda “fuqarobay” tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu daftarlardagi fuqarolarning muammolaridan to‘liq xabardor bo‘lish va ularni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Viloyatda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi jumladan, uy-joyga ehtiyoji bo‘lgan ayollar uchun “Ijtimoiy yotoqxona”lar ajratilmoqda.
Hozirgi vaqtda viloyatning Buxoro shahar, G‘ijduvon va Olot tumanlarida bu kabi “Ijtimoiy yotoqxona”lar uy-joyga ehtiyojmand aholi uchun foydalanishga topshirilgan. Kogon shahar “Abdulla Qodiriy” hamda Qorako‘l tuman “Eski qal’a” mahalla fuqarolar yig‘inlarida barpo etilgan “Ijtimoiy yotoqxona”larda bugun uy-joyga muhtoj bo‘lgan 161 ta oilaning 384 nafar a’zolari joylashtirilgan.
Kogon shahar 4-sektor hududi “Abdulla Qodiriy” MFYda joylashgan “Ijtimoiy yotoqxona”da 83 ta oilaning 170 nafar a’zosi yashamoqda. Ularning 14 nafar farzandining sunnat to‘ylari o‘tkazildi. Oilalarning maktab yoshidagi 30 nafar farzandiga yangi o‘quv yili uchun o‘quv qurollari topshirildi. Kogon shahardan 13 nafar hamda Kogon tumanidan 20 nafar ayolga tikuvchilik hunariga o‘qitilganlik to‘g‘risida maxsus sertifikatlar va o‘z bandligini ta’minlash maqsadida jami 33 ta tikuv mashinalarini topshirildi. Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar imtiyozli to‘lov asosida bog‘chaga joylashtirildi.
[gallery-3782]
Kogon tuman hokimligi binosida Kogon shahridan 94 nafar ehtiyojmand xotin-qizga 700 ming so‘mdan hamda Kogon tumanidan 125 nafar ehtiyojmand ayolga 500 ming so‘m miqdoridagi bir martalik moddiy yordam pullari topshirildi.
Qorako‘l tumani “Eski qal’a” MFYda joylashgan “Ijtimoiy yotoqxona”ga 78 ta oilaning 214 nafar vakili joylashtirilgan. Mazkur ob’ektning qurilishiga 1 milliard so‘m miqdorida mablag‘ sarflangan.
Buxoro shahar “Toshmajit” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida shahar hokimi hamda 3-sektor hamkorligida xotin-qizlar biznes markazi tashkil etilgan. Bu yerda 10 nafar xotin-qizga tikuvchilik hunariga o‘qitilganlik to‘g‘risida maxsus sertifikat hamda tikuv mashinalari topshirildi. Buxoro shahrida yashovchi 917 nafar ehtiyojmand xotin-qizga 490 ming so‘m miqdordagi bir martalik moddiy yordam pullari topshirilgan.
“Xo‘jamushkin” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 8 ming kv.m. ichki yo‘l asfaltlashtirilgan. 6 ming kv.m. betonlashtirgan. 17 ta tungi yoritish ustunlari qurilgan. 8 ta yangi o‘rindiqlar qo‘yilgan. Non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexi tashkil etilib, 20 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Hozirda 8 nafar ayol shu joyda ishga olingan. Aholining madaniy hordiq chiqarishi uchun favvora va uning atrofida dam olish maskani tashkil etilgan. Elektron kutubxona aholi xizmatida. 24 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismi to‘liq ta’mirlangan.
Viloyat kesimida tegishli reja asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholiga turli moddiy ko‘maklar ko‘rsatib kelinmoqda. Kogon va Buxoro shaharlari hamda Kogon va Qorako‘l tumanlari negizida “Ayollar daftari”ning ikkinchi bosqichida ro‘yxatga olingan boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan va qaramog‘ida nogiron farzandlari bo‘lgan jami 1 ming 925 nafar xotin-qizga umumiy 964 million 240 ming so‘m miqdoridagi bir martalik moddiy yordam mablag‘lari ajratilgan.
Buxoro va Kogon shaharlari, Kogon va Qorako‘l tumanlari negizida “Ayollar daftari”ning ikkinchi bosqichida ro‘yxatga olingan kasb-hunarga o‘qish istagida bo‘lgan, bandligi ta’minlanmagan jami 63 nafar xotin-qizlar mas’ullar tomonidan tikuvchilik hunariga o‘qitildi. Ularga maxsus sertifikatlar hamda zamonaviy tikuv mashinalari topshirildi. Hunari ortidan o‘z-o‘zini band qilishiga ko‘maklashildi.
Viloyatda mutasaddi rahbarlar tomonidan doimiy ravishda mahallabay ishlash tizimi asosida aholi, xususan xotin-qizlar muammolari o‘rganilmoqda. Ularni bartaraf etish yuzasidan manzilli chora-tadbirlar olib borilayotir.
Zarif Komilov,
Tohir Istatov (surat), O‘zA