Ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash davom etadi
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Surxondaryo viloyat bo‘limi boshqaruvining 2022 yil yakunlari va joriy yilgi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Fondning viloyat bo‘limi boshqaruvi xodimlari, Termiz shahri va tuman bo‘linmalari raislari, bosh hisobchilari qatnashgan yig‘ilishda respublika boshqaruvi ijro apparati mutasaddilari onlayn ishtirok etdi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda aholini ijtimoiy himoya qilib, kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu jarayonda “Mahalla” xayriya jamoat fondi faol ishtirok etib, ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari, yolg‘iz qariyalar va boshqa ko‘makka muhtoj kishilarga moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatmoqda. Turli ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy tadbirlar tashkil etib, hayotdan rozi bo‘lib yashashiga ko‘maklashayotir. Ehtiyojmand oilalarning har taraflama qo‘llab-quvvatlanayotgani millatimizga xos saxovatpeshalik, bag‘rikenglik singari yuksak fazilatimizni dunyoga keng namoyon etmoqda.
Fondning viloyat bo‘limi, tuman va shahar bo‘linmalari o‘tgan yili ko‘plab ehtiyojmand oilalarning uy-joyini ta’mirlash, sog‘ligini tiklash, dori-darmon xarid qilish kabi ehtiyojlari uchun yetarli mablag‘ ajratdi. Kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa zarar mahsulotlar yetkazib berildi.

Prezidentimiz g‘oyasi bilan tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi bu boradagi xayrli ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilayotir. Xususan, o‘tgan yili homiylik va xayriya mablag‘lari evaziga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga 29 milliard 931 million so‘mdan ortiq mablag‘ tushgan.
Mazkur mablag‘lar xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari qarorlari asosida ochiq va oshkora sarflanib, “Temir daftar”da ro‘yxatda turgan 11 ming 307 oilaga moddiy ko‘mak berilgan. Yoki ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash, sog‘ligini tiklash, kundalik ehtiyoj mollari sotib olish, mehnatga layoqatli ishsiz a’zolari mavjud ehtiyojmand oilalar bandligini ta’minlash va boshqa maqsadlar uchun 20 milliard 31 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflangan. Viloyat, tuman va shahar sektor rahbarlari qabulida bo‘lgan hamda mahalliy kengashlar qarorlari bilan tasdiqlangan ro‘yxat asosida 9 ming 973 oilaga qariyb 6 milliard 758 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilganlarga ham moddiy yordam berilib, qo‘llab-quvvatlangan.
Yig‘ilishda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Surxondaryo viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi X.Samadovning yil davomida amalga oshirilgan ishlar haqidagi hisoboti tinglanib, muhokama etildi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi. Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yilida bajariladigan muhim vazifalar belgilab olindi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri