Ehtiyojmandlar ko‘ngli tog‘day ko‘tarildi
Musulmon olami uchun eng muqaddas oylardan sanalgan Mohi Ramazonning har bir kuni ob-havo mo‘’tadilligi, yurtimizda tinchlik-xotirjamlik hukmron pallada o‘tayotgani xalqimizni behad quvontirmoqda. Zotan, yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da insonlar ko‘nglini ko‘tarish maqsadida qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Chunonchi, davlatimiz rahbarining 2023 yil 21 martdagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ham odamiylik, inson sha’nini ulug‘lash, yaxshilik va mehr-saxovat kabi ezgu fazilatlarni namoyon etadigan, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlash, oila va mahallalarda, butun yurtimizda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratish zarurligi belgilandi. Namanganda "Mahalla" xayriya jamoat fondi homiylik mablag‘lari hisobidan viloyatdagi mavjud 791 ta mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan shahar, tuman hokimliklari, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasining viloyat vakilligi hamkorligida iftorlik dasturxonalari tashkil etilmoqda.

Mahallalardagi imom-xatiblar, sektor rahbarlari, mahalla faollari, nuroniylar, ehtiyojmand oilalar a’zolari ishtirokidagi iftorlik dasturxonlarida yoshlar ta’lim-tarbiyasi, shukronalik fazilati, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga befarq bo‘lmaslik haqida so‘z yuritilmoqda. Yurtimizga tinchlik, dasturxonlarimizga to‘kinlik, dehqonchiliklarga baraka, farzandlarimizga g‘ayrat shijoat, keksalarga mustahkam sog‘liq so‘rab, duoga qo‘l ochilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Namangan shahridagi Chinor mahallasida bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov hududda aholi turmush farovonligi keyingi olti yil ichida ijobiy tomonga tubdan o‘zgarganligi, ko‘cha va ichki yo‘llar, ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tarmoqlari yangilanib, mahalla fuqarolarining hayoti yaxshilanganligini ta’kidladi.

"Bog‘i eram" majmuasida tashkil etilgan iftorlik dasturxoniga yig‘ilgan katta-yu kichik o‘z mahallasidagi yangilanish va bunyodkorlik ishlaridan chin dildan shukronalar aytdi. Shu kuni ijtimoiy daftarlarga kiritilgan kam ta’minlangan oilalar farzandlari ham mehmonga chorlanib, ularga sovg‘alar ulashildi. Viloyat miqyosida o‘tkazilayotgan kunlik iftorlik dasturxonlari ushbu qutlug‘ oyda ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida, Namangan viloyatida tashkil etilayotgan iftorlik dasturxonlari uchun har bir mahallaga 9-9,5 million so‘m, viloyatdagi 791 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga esa jami 7 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan. Bu o‘z navbatida, jonajon yurtimizda inson qadri yuksak darajada ulug‘lanayotganidan yorqin dalolatdir.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA.