Ehtiyojmand oilalarga bepul ko‘mir tarqatildi
Andijon viloyati Paxtaobod tumanida qishning bugungi ayozli kunlarida aholini, ayniqsa, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni ko‘mir bilan ta’minlash borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Xususan, aholining yoqilg‘i mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olgan holda tabiiy gaz bilan ta’minlash, gaz bo‘lmaydigan mahallalar aholisiga ko‘mir yetkazib berish borasida zarur ishlar olib borilmoqda. Mazkur jarayonda viloyat hokimligining tashabbusi bilan tumandagi ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan hamda nogiron a’zolari bo‘lgan oilalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tumandagi mavjud 67 ta mahallada o‘tkazilgan o‘rganishlar hamda murojaatlardan kelib chiqib, shu kunlarda turli mahallalarda yashovchi 80 ta ehtiyojmand oilaga 500 kilogrammdan bepul ko‘mir tarqatildi.
– Sovuq kunlar boshlansa-da, yetishmovchilik tufayli ko‘mir sotib olishga imkon topolmayotgan edik, – deydi Muazzinboy mahallasida yashovchi Mahbubaxon O‘rinboyeva. – Qiyin bir sharoitda bepul ko‘mir berilgani oilamizni behad quvontirdi. Buning uchun avvalo, Prezidentimizga rahmat, qolaversa, shu xayrli ishning boshida turgan barcha insonlardan minnatdorman.
[gallery-20990]
Tumanda aholini ko‘mir yonilg‘isi bilan ta’minlashga qaratilgan bu kabi ishlar reja asosida davom ettirilmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari