Ehtiyojmand oilalar qo‘llab-quvvatlanmoqda
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanining “Polvonlar” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Kamoliddin Tangriyev nogironligiga qaramasdan, uch farzandining moddiy ehtiyojini kamtarona mehnati bilan ta’minlab kelmoqda.
– “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi amaliy yordami bilan elektron aravachaga ega bo‘lganim sabab, ish joyimga borib-kelishim ancha osonlashdi, – deydi Kamoliddin Tangriyev. – Shuningdek, mahallamizdagi hokim yordamchisi tavsiyanomasiga ko‘ra, subsidiya asosida yuk tashishga mo‘ljallangan mototsikl olishga erishganim ham ro‘zg‘orga baraka kiritdi. Uyimizdan uzoq bo‘lmagan joyda, katta yo‘l yoqasida yaxna ichimlik va muzqaymoq savdosini yo‘lga qo‘yib, kunlik savdodan daromadga ega bo‘lmoqdamiz.

Darhaqiqat, “Polvonlar” mahalla fuqarolar yig‘inida 725 ta oilada 3 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Hududda yil boshidan yuritilayotgan o‘rganish va xatlov natijalariga ko‘ra, ijtimoiy muhofazaga olingan, moddiy yordam oluvchi 8 ta, bolalar nafaqasi oluvchi 94 ta oila bo‘lib, shuningdek, nogironligi bo‘lgan 77 nafar fuqaro istiqomat qilmoqda.

Mahallada har bir fuqaro o‘z imkoniyati darajasida harakat qilishi, kasb-hunar bilan shug‘ullanib, turmush farovonligini yuksaltirishga astoydil harakat qilishi yuzasidan tushuntirish va targ‘ibot ishlari ham olib borilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.