Ehtiyojmand oilalar qo‘llab-quvvatlanmoqda
Navoiy shahridagi “Janubiy” mahalla fuqarolar yig‘inida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi, tuman (shahar) bo‘linmalari tomonidan 2021 yil davomida tizimda amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan kengaytirilgan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tizim xodimlari, keng jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi Faxriddin Soliyev 2021 yil davomida fond tizimida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar, ularni bartaraf etish, joriy yilda fond oldiga qo‘yilgan vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi.
bugungi kunda mahalla fuqarolar yig‘inlari fuqarolarning o‘z muammo va takliflarini bildiradigan maskanga aylanib, jamiyatimizda mustahkam o‘rin egallab bormoqda. Mahallalar o‘z zimmasidagi vazifalarni samarali bajarishlari uchun barcha huquqiy asoslar, yetarli shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.
Mahalla tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida mamlakatimizda 2022 yil “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e’lon qilindi.

– 2021 yil davomida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi tomonidan viloyatdagi 69 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari 445 million 711 ming so‘mlik kompyuter jamlanmasi bilan ta’minlandi, 21 ta mahalla fuqarolar yig‘inlariga 155 million so‘mlik mebel jamlanmalari olib berildi. 168 ta mahalla fuqaro yig‘inlarining 110 million so‘mlik kommunal to‘lovlardan qarzdorliklari qoplab berildi, – dedi F.Soliyev. – Shuningdek, viloyatimizdagi 307 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarining 986 nafar xodimlariga 1,3 milliard so‘m miqdorida bir marta to‘lanadigan moddiy yordam pullari to‘lab berildi.
Fondning viloyat bo‘limi, tuman (shahar) bo‘linmalari tomonidan o‘tgan yil davomida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va ko‘p farzandli oilalar, yakka-yolg‘iz qariyalar, nogironlar hamda tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan jami 900 nafar fuqarolarga qariyib 288 million so‘mlik moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Pandemiya sharoitida Prezidentimiz tashabbuslari bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzurida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan Xalq deputatlari Kengashlari qarorlari asosida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” “Yoshlar daftari”da turuvchi ehtiyojmand fuqarolarga turli xayriya yordamlari ko‘rsatildi.

Jamg‘arma hisobidan ajratilgan 29,5 milliard so‘mlik xayriya yordamlari ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam (pul shaklida), oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari yetkazib berish bilan bir qatorda kasal bo‘lgan ehtiyojmand fuqarolarda jarrohlik amaliyoti o‘tkazish va sog‘ligini tiklash, ishsiz fuqarolar badligini ta’minlash, nogiron ayollarning uy-joylarini ta’mirlash, “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarni mamlakatimiz bo‘ylab tarixiy joylarga sayohatini tashkil qilish kabi maqsadlarga yo‘naltirildi.
Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan ehtiyojmand oilalar va ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash hamda qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalq deputatlari Navoiy viloyat kengashining qaroriga asosan, jami 1500 ta asalari oilasi xarid qilinib, Karmana, Xatirchi, Qiziltepa, Navbahor, Nurota va Konimex tumanlarida istiqomat qiluvchi 431 nafar ehtiyojmand oilalarga beg‘araz tarqatildi. Viloyatimizda uyda o‘tirgan, ishsiz, ehtiyojmand va nogironligi bo‘lgan 2000 dan ortiq xotin-qizlarga 20 boshdan parranda olib berildi.
“Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan tibbiy-ijtimoiy xizmatga muhtoj 100 dan ortiq xotin-qizlarda Xalq deputatlari viloyat kengashining qaroriga asosan davolash va jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan 2000 dan ortiq xotin-qizlarning mamlakatimiz bo‘ylab sayohatlari, dam olishlari, sanatoriylarda davolanishlari uchun 1 milliard 273 million, birinchi guruh nogironligi bor, sharoiti og‘ir bo‘lgan 65 nafar ayollarning uy-joylari ta’mirlab berish uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 1,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Shuningdek, “Shifo-Nur” klinikasi bilan hamkorlikda tibbiy-ko‘rik xayriya aksiyasi o‘tkazilib, 1000 dan ortiq bemorlarga bepul tibbiy ko‘rik va maslahatlar berildi.
Yig‘ilish so‘ngida ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash va Fond Nizomidan kelib chiqib, 2022 yildagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Tadbir so‘ngida faol xodimlar Jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan munosib taqdirlandilar.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA