Ehtiyojmand aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Toshkent viloyatida ham “Sog‘lomlashtirish oyligi” tizimli tarzda tashkil etilgan.
“Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostidagi ushbu aksiya doirasida barcha joylarda ijtimoiy himoyaga muhtoj, kambag‘allik reyestriga kiritilgan aholi orasida kasalliklarni erta aniqlash va bemorlarni yashash hududining o‘zida bepul sog‘lomlashtirish ko‘zda tutilgan.
Xalqimizda “Issiq jon isitmasiz bo‘lmaydi” degan maqol bejiz aytilmagan. Agar sog‘lik bo‘lmasa inson hayotning mazmuni yo‘qoladi. Xastalik yoshni ham, keksani ham chetlab o‘tmaydi. Shu tufayli shifokorlardan najot istab kelganlarning qalbiga yo‘l, dardiga malham topish ham katta xayrli ishdir.
– Tibbiy ko‘riklar davomida aniqlangan bemorlar xavf omillari va kasallik guruhlari bo‘yicha toifalarga ajratilmoqda – deydi Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov. –Hozirgacha viloyat miqyosida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan kambag‘al oila a’zolar soni 56 ming 680 nafarni tashkil qildi. Shundan kasallik aniqlangan bemorlar 12 ming nafardan ortdi. Ambulator yordam ko‘rsatilgan bemorlar 12 ming 193 nafar, statsionar yordam ko‘rsatilgan bemorlar 604 nafar va jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi rejalashtirilgan bemorlar soni esa 72 nafarga yetdi.
Jumladan, mazkur oylik doirasida Chirchiq shahar Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida ijtimoiy himoyaga muhtoj kambag‘allik reyestriga kiritilgan jami 461 nafar aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ulardan 197 nafarida kasalliklar aniqlanib, 180 nafari ambulator, 17 nafar statsionar sharoitda davolanishga tavsiya etildi.
Shuningdek, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha muassasa va mahallalarda, xiyobon va parklarda sport-sog‘lomlashtirish tadbirlarini tashkil etish, tuman-shaharlarning markaziy xiyobonlarida salomatlik yarmarkalarini uyushtirish choralari ko‘rilmoqda.
[gallery-23333]
Mutaxassislar tomonidan tumanlardagi markaziy shifoxonalarda davolanishi rejalashtirilgan bemorlarga oilaviy shifokor yo‘llanmasi, viloyat darajasidagi tibbiyot muassasalarda muolaja olishi tavsiya etilganlarga esa imtiyozli yo‘llanmalar rasmiylashtirilmoqda.
Bajariladigan yuqori texnologik amaliyotlarning sarf-xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi. Hududiy hokimliklar bilan birgalikda olis va chekka hududlardan bemorlarni viloyat markaziga olib kelish choralari ko‘riladi. Mazkur oylik joriy yilning 25 may kunigacha davom etadi.
A.Musayev, O‘zA.