Eh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi...
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 13 aprel kuni yoshlar bandligi va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini kuzatar ekanmiz kimlarningdir ko‘nglidan “eh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi” degan xayollar o‘tgan bo‘lsa ajab emas.
Yurtimiz yoshlari, o‘g‘il-qizlariga berilayotgan imkoniyat, yaratilayotgan shart-sharoitlar meni quvontirdi. Xususan, “Yoshlar daftari”ga kirganlarga, qiziqishidan kelib chiqib, xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish xarajatining bir qismi qoplab berilishi orqali ko‘plab iqtidorli yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan yoshlarga ekin ekib foydalanishlari uchun yer ajratish belgilangan, bu borada joylarda tizimli ishlar amalga oshirilib kelinayotgani barchamizga ayon. Bu sohada ham aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar daftari”ga kirganlarga urug‘lik va ko‘chatlar xaridi uchun 2 million so‘mgacha subsidiya berish zarurligi qayd etildi. Buning zamirida nimalar borligini bilasizmi? Odamlarni boy qilish, orzu-niyatlariga yetkazish, bekor qoldirmaslik, farovon qilish, “chet davlat deb yurma, o‘zimizda ishla, yer ol, tok qator orasiga bozorda qimmat mahsulotni ko‘paytir, yaqinlaring oldida bo‘l” degani.
Yig‘ilishda talabalarning yashash sharoitlari masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. bugungi kunda 130 mingdan ziyod talaba ijarada yashayotganligi, ushbu masala bo‘yicha hukumat tomonidan alohida dastur tayyorlanayotgani, dasturga ko‘ra, bunday yoshlarga 1 maydan boshlab ijara to‘lovining yarmi davlat tomonidan qoplab berilishi, dastlabki bosqichda ushbu tizim orqali 60 ming nafar yosh qamrab olinishi, ehtiyojmand talabalarga ushbu xarajatlar hokimliklar va oliygohlar mablag‘i hisobidan ham qoplab berilishi belgilangani, ayniqsa, ahamiyatga molik.
Oliy ta’lim muassasalarida o‘tkazgan ko‘plab uchrashuvlarimiz chog‘ida ko‘tariladigan asosiy masala talabalar uchun turar joylari muammosi o‘z yechimini topayotgani quvonarli. 1 maydan ijara to‘lovining yarmi davlat tomonidan qoplab berilishi ota-onalarga ham, oila byudjetiga ham katta yordam bo‘ladigan bo‘ldi.
Muhiba BABABEKOVA,
O‘zbekiston “Adolat” SDP Samarqand viloyat kengashi raisi