E-ijara: foydalanuvchilar uchun qulaylik
Prezidentimizning 2018 yil 25 maydagi «Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori bilan 2019 yil 1 yanvardan boshlab ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibini o‘rnatish orqali ko‘chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash bo‘yicha talab bekor qilingan edi.
Shundan so‘ng Davlat soliq qo‘mitasining 2018 yildagi qarori bilan «Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risida» gi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, ijara shartnomasini hisobga qo‘yish Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytidagi shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yoki ijaraga beruvchining doimiy yashash manzili yoxud ko‘chmas mulk joylashgan joydagi davlat soliq xizmati organiga shaxsan qog‘oz shaklida taqdim etgan holda amalga oshirilar edi.

Ayni paytda ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga qo‘yishning yangi usuli – E-ijara dasturiy mahsuloti joriy qilindi. Ushbu xizmat ijara.soliq.uz internet manzilida test rejimida joylashtirildi. Saytga elektron raqamli imzo orqali kirish mumkin. Uning asosiy bo‘limida ijaraga beruvchi, ijaraga oluvchi va ko‘chmas mulk to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtiriladi.
Ma’lumotlarning haqiqiyligini maxsus QR-kodini mobil telefonga skanerlash orqali bilish imkoniyati mavjud. Ularda kamchilik aniqlanmasa uni tasdiqlash yoki sababini ko‘rsatgan holda rad etish zarur. Aytish lozimki, har bir qadam elektron raqamli imzo orqali tasdiqlanadi. Ma’lumotlar tasdiqlansa, ko‘chmas mulk ijara shartnomasi davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilgani haqida guvohnoma shakllanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozir Toshkent viloyatida ijaraga berilgan 47 ta bozor va savdo komplekslarida jami 5 ming 133 ta savdo nuqtasi mavjud. Shundan E-ijara dasturi orqali 1 ming 528 ta savdo joyi bo‘yicha ijara shartnomalari tuzishga erishildi. Qolgan savdo markazlari bilan yangi elektron dastur orqali shartnoma tuzish maqsadida Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasining Jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi tomonidan muntazam ravishda targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
A.Musayev, O‘zA