Dzyudo: Abu-Dabidagi kuchlilar bahsida hamyurtlarimiz ham bor
Bugun, 21 oktyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabida dzyudo bo‘yicha "Katta Dubulg‘a" turkumidan joy olgan turnir boshlanmoqda.
"Parij-2024" Olimpiya o‘yinlari uchun muhim reyting ochkosini taqdim etadigan mazkur nufuzli musobaqada 65 ta davlatning 400 nafardan ziyod sportchilari qatori 4 nafar o‘g‘il va 5 nafar qizlardan iborat mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari o‘z vaznlarida bahs olib boradi.

Mukofot jamg‘armasi 154 ming yevroni tashkil etuvchi turnirning ilk kunida erkaklar 60, 66, ayollar esa 48, 52 va 57 kg og‘irlikda medallar va reyting ochkolari uchun kurashadi.
Kecha, 20 oktyabr kuni Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) mutaxassislari hamda 65 ta davlat vakillari, terma jamoa murabbiylari ishtirokida bellashuvlarga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda IJF bosh direktori Vlad Marineski Toshkentda yakunlangan jahon chempionatidan keyin o‘tayotgan ilk nufuzli musobaqa kuchlilar bahsi bo‘lishini ta’kidladi.

Qur’a natijalariga ko‘ra, bugungi bahslarda 48 kilogrammda Halimajon Qurbonova AQSHlik Jovanna Prado bilan dastlabki bahsni o‘tkazsa, 52 kilo og‘irlikdagi dzyudochimiz Diyora Keldiyorova serbiyalik Nadejda Petrovich va ispaniyalik Ana Peres Boks o‘rtasidagi bahs g‘olibi bilan, 57 kilogrammda esa Shukurjon Aminova vetnamlik Ngok Nguyen bilan ro‘baro‘ keladi.
23 oktyabrgacha davom etadigan xalqaro turnir musobaqalarida iqtidorli sportchilarimizdan Shahram Ahadov, Obidxon No‘’monov, Otabek To‘raboyev, Bekmurod Oltiboyev, Shohista Nazarova va Irisxon Qurbonboyeva o‘z vaznlaridagi musobaqalarda ishtirok etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA