Dushanbeda SHHT transport va logistika ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi
Tojikistonning "Xovar" axborot agentligi ma’lum qilishicha, 19-20-oktabr kunlari Dushanbe shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti transport va logistika xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda qardosh respublika Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar bergan.
SHHTning 25 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan anjuman a’zo davlatlarning transport, logistika, mashinasozlik, infratuzilmani rivojlantirish va zamonaviy logistika texnologiyasi sohasidagi salohiyatini namoyish etish uchun samarali maydon sifatida kompaniyalarga o‘z faoliyatini namoyish etish, yangi biznes hamkorlar topish va hamkorlik ko‘lamini kengaytirish imkonini beradi.
Ko‘rgazma doirasida tuzilma huzuridagi Ishbilarmonlar kengashining transport, logistika va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ishchi guruhi yig‘ilishi ham o‘tadi. Tadbirda yetakchi ekspertlar, tarmoq vazirliklari vakillari va logistika kompaniyalari rahbarlari SHHT makonida to‘siqsiz logistika yo‘nalishlarini tashkil etish masalalarini muhokama qiladi.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA