“Durvadik patir”larini yeganmisiz ?
Yurtimizda har bir viloyatning, hatto tuman yoki qishloqning oʻziga xos non yopish sanʼati bor. Bu nonlar koʻrinishi, hajmi, hid va taʼmi, shuningdek tayyorlanishiga qarab farqlanadi.
Tandirda non yopish qadimiy anʼana, urf-odat. Non yopish sanʼati esa xalqimiz tarixi boshlangan davrlarga borib taqaladi. Bu sanʼat asrlardan asrlarga, ajdodlardan avlodlarga meros boʻlib kelmoqda. Oʻzbeklar nonni muqaddas deb bilishadi, koʻzga surtishadi. Nonni bizchalik eʼzozlagan xalq dunyoda kamdan kam topilsa kerak.
Yurtimizda har bir viloyatning, hatto tuman yoki qishloqning oʻziga xos non yopish sanʼati bor. Bu nonlar koʻrinishi, hajmi, hid va taʼmi, shuningdek tayyorlanishiga qarab farqlanadi.
Maʼlumotlarga koʻra, Xorazm vohasida qadimgi aholi olovdan foydalanishni bilmaydigan davrlarda ham non pishirib yeyishgan. Ular kun davomida oftob taftida yaxshilab qizigan harsang tosh ustiga yupqa hamirni yoyib qoʻyish orqali non tayyorlashgan. Hozirda ham xorazmlik ayrim uy bekalari yaxshilab qizitilgan tovaning ustida yogʻdan foydalanmagan holda shunday non tayyorlashadi. Uning nomini “Chalpak” deb atashadi. “Chalpak non” koʻrinishidan hozirgi kunda “fast fud” sanoatida keng tarqalgan “Lavash” nonini eslatadi.
Biroq, ushbu maqola aynan “Chalpak” haqida emas, balki dunyoda faqat bitta joyda tayyorlanadigan Xorazm “Durvadik patir”i xususida.
Ijodiy jamoamiz bilan Xorazm viloyatining Pitnak shaharidan xizmat yuzasidan berilgan topshiriqlarni ado etgach, Urganch shahriga yengil avtomashinada qaytdik. Tushlik vaqti allaqachon oʻtib ketgan, manzilgacha esa qariyb bir yarim soat yoʻl bosish lozim. Masofaning yarmi bosib oʻtildi. Biroq ochlik tinkani quritdi. Yoʻldan tamadi uchun ul-bul olib, yeb ketishga qaror qildik.
Yon atrofga boqsam, Bogʻot tumanidan chiqib, Xonqa tumaniga kirayotirmiz. Ana shu paytda bundan bir necha yil oldin shu yerdan oʻtayotganimizda keksa togʻamning “Durvadik patir”i haqida aytgan gaplari yodimga tushdi:
- “Jiyan, bir oʻtganingda shu yerda toʻxtab, “Durvadik patir”dan taʼtib koʻr! Mazasi ogʻzingda qoladi. Ishonasanmi, yoʻqmi?! “Durvadik patir”lari faqatgina shu yerda, Xonqa tumanining Durvadik va unga yondosh Olaja qishlogʻidagina yopiladi. Boshqa joylarda ham ushbu patirni yopish mumkin. Lekin, uning taʼmi va mazasi bu yerdagiday boʻlmaydi.”
Ijodiy jamoamiz bilan Olaja qishlogʻi “Oydin hayot” mahallasida faoliyat olib borayotgan novvoyxonaga kirdik. Kirishimiz bilan tandirdan yangi uzilgan nonning hidi dimogʻimizga urildi. Non yopayotgan ayolning yuzlari ham nonlari kabi qizargan. Ular bizni koʻrishlari bilan nondan uzatishdi. Ichiga qoʻy va mol yogʻi, goʻsht, piyoz yana qandaydir masalliqlar solingan, diametri tahminan 30-35 santimetr, qilinligi bir santimetr ham chiqmaydigan, yupqa qilib yoyilgan patirning taʼmi juda oʻzgacha. Eng qizigʻi ushbu patirni tanavul qilish chogʻida suv, choy kabi ichimliklar yoki suyuqliklarga ehtiyoj sezilmaydi. Yegan sari yeging kelaveradi. Biz ham och qoringa uni bir zumda paqqos tushirdik. Novvoyga non uchun pul uzatsak unamadi. Keyin bilsak bu yerda birinchi nonga mehmondorchilik yuzasidan haq olinmas ekan. Keyin, esa yana ikkita patirni sotib olib, yedik. Qorin toʻygach novvoyxona faoliyati, “Durvadik patir”ning tarixi bilan qiziqdik.
- Ayni kunda novvoyxonamizda toʻrtta ayol doimiy ish bilan taʼminlangan boʻlib, navbati bilan ikkita novvoy almashib ishlaydi, — deydi yakka tartibdagi tadbirkor Raʼno Jarasbayeva. — Toʻrtta ananaviy Xorazm tandirlarimiz bor. Ularda asosan “Durvadik”, “Goʻshtli”, “Jizzali”, “Qatlama” patirlar, Piyozli non, qovoqli non, qizil non va “choʻrak” nonlarini tayyorlaymiz. Asosiy xaridorlarimiz viloyatimizning turli hududlarida joylashgan supermarket, doʻkonlar va umumiy ovqatlanish maskanlari hisoblanadi. Shuningdek, toʻy va bazmlar uchun ham buyurtma asosida non mahsulotlarini tayyorlab beramiz. Aholi, mahalliy va xorijiy sayohlar esa bevosita shu yerning oʻzida patirlarimizdan tanavul qilishlari mumkin. “Durvadik patir”ini tayyorlashni keksa momolarimiz oʻrgatishadi. Lekin, uning tayyorlashda ayrim jihatlariga juda eʼtiborli boʻlish lozim. Afsuski, buni oshkor eta olmayman. Patirning mashhurlik siri ham shuda.
Novvoy opalarni har qancha gapga tutmaylik, “Durvadik patir”ning sirini aytishmadi. Chunki, ushbu sirni qishloq ayollari bir necha asrlardan buyon ajdodlardan avlodlarga juda qadrli meros sifatida asrab kelisharkan.
Nachora. Bir olam tassurot va mavhumotlar bilan novvoyxonadan chiqdik. Oila aʼzolarimizni ham ushbu patir mazasidan bebahra qolmasliklari uchun uyga ham sotib oldik.
Muxtasar aytganda, non yopish sanatining oʻzi ham tariximiz, madaniyatimizning yuksak ekanligini koʻsatib turibdi. Milliy qadriyat va anʼanalarimizni yana-da kengroq targʻib qilish, Xorazmning ajabtovur patirlari, goʻshtli, qizil, qavoqli va zagʻara nonlarini tayyorlash, hamirini qorish, zuvala qilish, nonni yasatish, tandirga olov yoqish va tandirda pishirish jarayonlarini mahalliy va xorijiy sayyohlarga koʻrsatish, mahorat darslarini tashkil etish mamlakatimizda turistlar oqimini yana-da jonlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.