Durovga Fransiyada 12 xil ayblov qo‘yildi
Fransiyada “Telegram” asoschisi Pavel Durov so‘roq qilinayotgan ish 12 turdagi jinoyatga aloqador, deya ma’lumot berdi Parij prokuraturasi matbuot xizmati “RIA Novosti” agentligiga.
Ayblov ro‘yxatida uyushgan guruh tomonidan jinoyatni legallashtirish, jinoyat sodir etish maqsadida guruh tuzish, turli kriptografik vosita va xizmatni noqonuniy taqdim etish qayd etilgan. Mazkur ish bo‘yicha tergov hujjatiga noqonuniy amaliyot olib borishga ruxsat beruvchi onlayn platforma ma’muriyati, voyaga yetmaganlarning behayo tasvirini tarqatish va saqlash, dori vositalarini sotib olish, tashish, saqlash yoki jo‘natish, uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan firibgarlik, axborotni qayta ishlaydigan avtomat tizimni buzish va jarayonga kirish uchun mo‘ljallangan, moslashtirilgan asbob-uskuna, dastur yoki ma’lumotni noqonuniy uzatish yoki taqdim etish singari ayblov shakllari ham kiritilgan.
Qayd etilishicha, qonun doirasida ushlash uchun vakolatli idora so‘roviga ko‘ra axborot yoki hujjat taqdim etish rad etilgani ham ish qo‘zg‘ash uchun asos bo‘lgan. Shuningdek, tadbirkorni hibsga olish tashabbusi Parij prokuraturasi Kiber jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limidan chiqqani qo‘shimcha qilingan. Eslatib o‘tamiz, Durovni hibsda saqlash muddati ko‘pi bilan 28 avgustgacha uzaytirilishi mumkin, ya’ni 96 soatdan oshmasligi kerak.
Shanba kuni kechqurun fransuz OAV “Telegram” messenjeri asoschisi Pavel Durov Le-Burje aeroportida qo‘lga olingani haqida xabar tarqatdi. Tadbirkor Parijga Ozarbayjondan shaxsiy samolyotida kelgan. Fransiya fuqaroligiga ega Durov mamlakatda qidiruvga berilganlar ro‘yxatiga kiritilgan ekan. Adliya tizimi tadbirkorni bir necha sabab, jumladan Telegram mamlakat rasmiylari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun jinoyatga aloqador, deb hisoblaydi. Mahbus terrorizm, giyohvand moddalar savdosi, firibgarlik va pul yuvishda ham ayblanishi mumkin.
Rossiyaning Fransiyadagi elchixonasi Parij hozircha hodisa bo‘yicha hamkorlik taklif qilmaganini aytdi.
Taxminlarga ko‘ra, ishbilarmon 20 yilgacha qamoq jazosi olishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA