Dunyoning eng yirik transmilliy IT - gigantlari yurtimizga kirib kelishiga oid huquqiy asos yaratilmoqda
Senatning yalpi majlisida «Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun muhokama qilindi.
Mazkur qonun Senatning o‘n yettinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilib, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bilan birga Qonunchilik palatasiga yuborilgan edi. Shundan so‘ng, senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasi manfaatdor davlat organlari hamda tashkilotlar vakillarini jalb qilgan holda hujjatni qayta ishladi.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimovning ta’kidlashicha, qonun bilan respublikamiz IT-parki hududida ingliz huquqi tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi «Enterprise Uzbekistan» raqamli texnologiyalar xalqaro markazining huquqiy poydevori yaratilmoqda. Ushbu markazni tashkil etish, faollashtirish, uning chegaralarini o‘zgartirish, strategik boshqaruv, asosiy mansabdor shaxslarni tayinlash hamda boshqa muhim masalalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlariga asosan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Qonunga ko‘ra, moslashuvchan soliq va bojxona rejimi o‘rnatilib, ayrim faoliyat turlari soliqlardan ozod qilinadi. Shunga mos ravishda, asbob-uskunalar, texnologiyalar va materiallarni olib kirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi. Shu bilan birga, markaz ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun «yagona darcha» tamoyili asosida ro‘yxatga olish va boshqarish tizimi yaratilib, intellektual mulk hamda investitsiyalar himoyasi kafolatlanadi.
Markaz faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi 2030-yilga qadar raqamli xizmatlar eksportini 5 milliard AQSH dollariga yetkazish, iqtisodiyotda yuqori daromad keltiruvchi 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish va iqtidorli yoshlarni vatanimizda turib jahon miqyosidagi maoshlar bilan ta’minlashga mustahkam zamin yaratadi.

Bundan tashqari, qonunning qabul qilinishi xorijiy investorlarning mulkiy va intellektual huquqlari xalqaro standartlar darajasida kafolatlanishini ta’minlaydi. Bu esa Apple, Google, Microsoft, Amazon kabi dunyoning eng yirik transmilliy IT-gigantlarining mamlakatimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib kelishiga huquqiy asos bo‘ladi.
Senatorlar tomonidan ma’qullangan ushbu konstitutsiyaviy qonun IT sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshirishga, raqamli sektorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga va IT-xizmatlar eksporti hajmini oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA