Dunyoning eng go‘zal muzeylari ro‘yxatidan Islom sivilizatsiyasi markazi ham joy oldi
“Prix Versailles” mukofoti 2026-yil uchun dunyoning eng go‘zal muzeylari ro‘yxatini e’lon qildi.
Mukofot bosh kotibi Jerom Guadinning so‘zlariga ko‘ra, yetti muzeydan iborat ushbu qisqa ro‘yxat me’moriy va sahna ko‘rinishi betakrorligi bilan ajralib turadi.
Abu-Dabidagi Zoyid milliy muzeyi nufuzli ro‘yxatda birinchi o‘rinni egalladi. Bino Pritsker mukofoti sovrindori Norman Foster tomonidan asos solingan Britaniyaning “Foster+Partners” me’morchilik korxonasi tomonidan loyihalashtirilgan.
Quyida eng muvaffaqiyatli yetti loyiha haqida ma’lumot beramiz.
Zoyid milliy muzeyi (BAA)
123 metr balandlikka ko‘tarilgan bu majmuani besh po‘lat minorasi, uchayotgan lochin qanotidan ilhomlanib yaratilgan shaklidan darhol tanib olish mumkin. Yuksak estetik ifodasidan tashqari, tabiiy shamollatish tamoyilidan foydalanilgani inshoot ichida salqin havoni ushlab turishga yordam beradi. Ichkari va tashqarida tabiiy yorug‘lik bilan uyg‘unlashgan iliq oq-qumli tus muzeyni yer va osmon tutashuvi nuqtasiga aylantirib, boshqacha aytganda, o‘ziga xos ufq vazifasini bajargan. Majmua Al Masar bog‘i orqali qirg‘oqqa qadar cho‘ziladi. Shu tariqa cho‘l, voha va shahar manzarasi uyg‘unlashadi.

Fan va texnologiya muzeyi (Xitoy)
2025-yil 1-mayda ochilgan Shenchjenya fan va texnologiya muzeyi Buyuk ko‘rfaz hududining yangicha ramzidir. “Zaha Hadid Architects” tomonidan loyihalashtirilgan bino shaharni quchoqlagan ulkan fazoviy kema sifatida ta’riflangan. Bu jarayonda mintaqa subtropik iqlimining o‘ziga xos xususiyati, jumladan quyosh nuri, harorat, namlik, hukmron shamol va havo sifatini inobatga olingan.

“Syueley” xush bo‘y muzeyi (Xitoy)
“Shenzhen Huahui Design” tomonidan loyihalashtirilgan Chin diyoridagi bu maskan yoqimli hid yaratish borasida beqiyos. Muzeyning asosiy qismi sakkizta silindrsimon qizil g‘ishtin kameradan iborat. Me’morchilikning bunday uslubi ramziy ma’noda atir ishlab chiqarishda ishlatiladigan xom ashyoni sizdirib tozalash jarayonini ifodalaydi. Mazkur ajoyib qurilma tomoshabinlar uchun uyg‘un tajriba taqdim etadi: xuddi makon bo‘ylab o‘tadigan xush bo‘y izi kabi. Ichkaridagi yoqimli iforga to‘yingan keng galereyada qadim marosim tarixi va eng so‘nggi texnologiya yutug‘i oralig‘idagi izchillikni kuzatish mumkin. Qariyb 300 inter faol, kishiga xush kayfiyat baxsh etuvchi hidni tatib ko‘rish hissiy tajribani oshirib, tomdagi bog‘ sayohatiga ajoyib yakun yasaydi.

Rivoyat muzeyi (Yaponiya)
Joriy yil 28-mart kuni ochilgan Rivoyat muzeyi Yaponiyaning birinchi temir yo‘l liniyasi joylashgan “Takanawa Gateway City” loyihasining bir bo‘lagi sifatida taxminan 29 000 kvadrat metr maydonni egallagan. Kengo Kuma loyihasi asosida barpo etilgan bu majmua san’at, an’ana, texnologiya va ta’lim birlashgan immersiv va inter faol madaniy markaz o‘laroq taqdim qilingan.

G‘oyib bo‘lgan Shtetl muzeyi (Litva)
Litva tekisliklarida, Sheduva tarixiy markazi yaqinida joylashgan G‘oyib bo‘lgan Shtetl muzeyi bir zamonlar mamlakatda yashagan kichik yahudiy jamoalari – shtetllarning yo‘qolgan dunyosini o‘rganadi.

AQSH Milliy faxriy medal muzeyi
AQSHning Texas shtatida joylashgan, mamlakatning eng obro‘li harbiy mukofoti sohiblariga bag‘ishlangan Milliy faxriy medal muzeyi “Rafael Viñoly Architects PC” tomonidan ishlab chiqilgan eng so‘nggi loyiha bo‘lib, landshaftli “Faxriy maydon”dan 12 metr balandda, metall qurilmada osilgan ulkan ko‘rgazma zali atrofida bunyod etilgan.

Islom sivilizatsiyasi markazi (O‘zbekiston)
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu kolleksiyani yakunlaydi. Loyiha Temuriylar davrining ulkan portallari va 65 metr balandlikdagi gumbazda aks etgan monumental uslubdan ilhom olgan. Markazda yorug‘lik, tovush va multimedia birlashib, tafakkur muhitini yaratadi. Keng dastur esa arxiv, kutubxona, Islom akademiyasi va konferensiya zallari orqali tadqiqot, ta’lim va madaniy targ‘ibotni o‘z ichiga oladi. Tadqiqot dasturiga 40 mamlakatdan taxminan 1500 izlanuvchi jalb qilingan majmua madaniyatlararo muloqot uchun qulay manzilga aylandi.
Shunchaki muzey emas, balki fan, madaniyat va ta’lim masalalariga ixtisoslashgan, xalqaro ko‘lamda faoliyat yuritadigan maskan sifatida Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatimizning Islomdan avvalgi va islom davri madaniy merosini zamonaviy raqamli texnologiya hamda ilmiy tadqiqot bilan uyg‘unlashtirgan. Jamlangan noyob eksponatlar islom sivilizatsiyasi O‘zbekiston hududida asrlar davomida ilm-fan, ta’lim, tarbiya, madaniyat va ma’rifat orqali rivojlanib kelayotganini yaqqol namoyon etadi. Muzeyga kirganlar nafaqat bebaho artefaktlar, balki inter faol o‘quv laboratoriyalari, virtual ko‘rgazmalar, “Vaqt kapsulalari”, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devorlari” hamda dunyo bo‘ylab hamma uchun ochiq ko‘p tilli raqamli manbalardan bahramand bo‘ladi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA