Dunyoni tasavvursiz chizib bo‘lmas
Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, rangtasvirchi rassom Erkin Jo‘rayev katologining taqdimoti hamda “Tasavvur va tasvir” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada ijodkorning 60 yaqin rangtasvir asari namoyish etildi.
Erkin Jo‘rayev 1960 yilda Buxoro viloyatining Peshku tumanida tug‘ilgan. U P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtini tugatgan. 1993 yildan buyon O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, ijodkorlar uyushmasi a’zosi. Rassomning asarlari O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkiyaning muzeylari hamda Xitoy, Rossiya, Fransiya, Germaniya, AQSH, Yaponiya, Angliya, Pokiston, Polsha, Serbiya, Koreya singari davlatlarda shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi.
[gallery-4252]
Ko‘rgazma ekspozitsiyasida namoyish etilgan asarlarni kuzatarkansiz, ular turkum yoki alohida asar bo‘ladimi, barchasiga tegishli bo‘lgan qandaydir unsur, holat, shakl va mavzularga duch kelasiz. Rassom asarlari mavzu va kompozitsiyasi jihatdan mutanosib, biroq o‘ta murakkab qurilmaga ega.
Kompozitsiya va ranglar yechimi bir-birini ta’kidlab, bir-biriga uyg‘unlashib ketgan. Asarlarni uzoq vaqt mobaynida kuzatsangiz, ularda Sharq va G‘arb uyg‘unligini, ya’ni sharqona mavzu g‘arbona yechimga muvofiqlashtirilganligining guvohi bo‘lasiz.
Erkin Jo‘rayev asarlari mavzusiga ko‘ra sharqona xususiyat kasb etadi. Uning asarlarida falsafiy-estetik, ijtimoiy-maishiy, tarixiy-etnografik mavzular turli ramzlar, atributlar, shakllar, ranglar orqali talqin etiladi. Shuningdek, ularning mohiyati sharq falsafasi asosida ochib beriladi.
Gulnoza Boboyeva, Oybek Pardayev(surat), O‘zA