Dunyoga allomalarni tarbiyalab bergan onalar...
Inson tug‘ilib, o‘zining ilk tarbiyachisi bo‘lmish onaga ko‘zlari tushar ekan, ayni daqiqada mehr atalmish tuyg‘u borligiga amin bo‘ladi. O‘sha onlarda uning beixtiyor olgan ilk tarbiyasi, bu mehr sanaladi. Bashariyat tilida “Dunyoni mehr qutqaradi“, degan jumla bejiz aytilmagan.
O‘zbek xalqi dunyoga juda ko‘p buyuk zotlarni yetkazib bergani bilan ham mashhur. Allomalarimizning ilm yo‘lidagi ishlari esa ayni kunlarga qadar ham hayrat va mehr bilan yodga olinadi. Bu yo‘lda ilm-fan, madaniyat va tarixda ulkan iz qoldirgan ajdodlarimizni dunyoga keltirgan va tarbiyalagan onalarning o‘rni beqiyos.
Shu o‘rinda Islom sivilizatsiyasi markazi ma’lumotlari asosida ulug‘ allomalarimizni dunyoga keltirib tarbiyalagan onalarni yodga olib o‘tsak.
Buyuk hakim – Shayxurrais Abu Ali ibn Sinoning onasi buxorolik Sitorabonu bo‘lgan. U farzandlarining kamol topishida katta ta’sir ko‘rsatgan. Buning natijasida esa butun olamga najot yo‘li bo‘lib xizmat qiluvchi ilmlar shakllandi.
Sohibqiron Amir Temurning onasi Tegina begim Moh bo‘lgan. U taniqli din arbobi Ubaydulloh al-Buxoriyning xonadonida tug‘ilgan. Teginabegim pokiza xulqli bo‘lib, farzandining buyuk sarkarda va davlat arbobi bo‘lib yetishishiga zamin yaratgan.
Temuriylar saltanatida katta o‘rin tutgan ayollardan yana biri Gavharshod begim bo‘lib, u 1379 yilda tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bekni tarbiyalab, ta’lim-tarbiyaga katta e’tibor bergan. Uning nomi Xurosonning ko‘plab me’moriy obidalari bilan bog‘liq. Farzandi sanalmish Mirzo Ulug‘bekning falakkiyot ilmidagi kashfiyotlari ham olam osmonida yangi yo‘llar va izlar qoldirdi.
Hazrat Navoiyning beshigini tebratgan ayolni bilasizmi? Ta’rixiy manbalarda Hazrat Navoiyning onasi haqida to‘liq ma’lumot saqlanmagan. Ayrim tadqiqotchilar uning ismini Salimabonu deb taxmin qilishadi. U juda ma’rifatli, savodxon ayol bo‘lgan va farzandini ilmu ma’rifat yo‘lida tarbiyalagan.
Qutlug‘ Nigor xonim – Bobur Mirzoning onasi. U 1459 yilda tug‘ilgan. Boburni tarbiyalab, uning davlat ishlarida faol yordam bergan. Umarshayx Mirzo vafotidan keyin ham Boburning yonida bo‘lib, uning hayotida muhim o‘rin tutgan.
Darhaqiqat, shunday bir hikmatli so‘zlar borki, uning haqiqatiga tan bermaslik mumkin emas. Buyuk insonlarning ortida buyuk onalar turadi. Ular farzandlariga ilmu ma’rifat, jasorat va adolatni ulug‘lashni o‘rgatib, tarix sahifalarida o‘chmas iz qoldiradi. Bugun ham yurtga sadoqat va matonat yo‘lida farzandlarni ulg‘aytirayotgan, dunyo ahliga ajdodlarga munosib namoyandalarni tarbiyalayotgan onalarimiz bisyor va ular hamisha muqaddasdir!
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA