Dunyoda hech qachon urush bo‘lmasin!
Xotira va qadrlash kuni oldidan
Mudofaa vazirligining Janubiy operativ qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari Termiz tumanida yashayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Kenja bobo Sultonov xonadonida bo‘lib, holidan xabar oldi.
Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik Po‘latjon Sotivoldiyev, Termiz harbiy prokurori, adliya podpolkovnigi Shukurjon Toshmatov, Termiz tumani mudofaa ishlari bo‘limi vakillari, mahalla faollari ishtirok etgan tadbirda piru badavlat otaxon urush va undan keyingi yillarni esladi, hozirgi osuda, obod hayotga shukronalar aytdi.
– Bilagim endi kuchga to‘layotgan paytda taqdir meni ko‘p sinovlarga duch qildi, – deydi Kenja bobo. – O‘n sakkiz yoshimda urushga olib ketishgan. Jang maydonlarida ko‘plab yaqinlarimdan, do‘stlarimdan ayrildim. Eh-he o‘sha mudhish yillarda men kabi millionlab yoshlar, qirchillama yigitlar front azobini tortdi. Xat-hisobsiz insonlar front ortida jabr ko‘rdi. Hali ham urushni eslasam, ko‘z oldimda dahshatli jang maydonlari gavdalanaveradi. Ba’zan o‘sha olovli yillarda ko‘rgan-kechirganlarimni bolalarimga, nevaralarimga, ularning o‘rtoqlariga aytib beraman. bugungi tinch, to‘q zamonning qadriga yetib yashashni, shunday to‘kin kunlarga shukrona aytishni maslahat beraman.
1943 yil. Urush ayni qizigan palla. Jang maydonida qayerdandir daydi o‘q kelib, Kenja bobo Sultonovning o‘ng oyog‘ini teshib o‘tadi. Ikkinchi o‘q o‘ng qo‘lini jiddiy yaralaydi. Shu yerning o‘zida tibbiyot xodimlari birinchi yordam ko‘rsatib, jangchini harbiy gospitalga jo‘natadi. Gospitalda uzoq muddat davolanib, 1944 yilning qish faslida qayta jang maydoniga otlanadi. Jiddiy yaralangan bo‘lishiga qaramay mard o‘zbek o‘g‘loni bugungi farovon hayot uchun yana ko‘kragini qalqon qiladi. Ana shunday og‘ir janglardan birida yonidagi okopning dushman tomonidan portlatilishi natijasida Kenja Sultonovga ikkinchi marta jiddiy jarohat yetkazadi.
– Ko‘zimni ochsam gospitalda ekanman, – deya xotirlaydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. – Vrachlardan so‘rasam, portlagan okopdan uchib kelgan oskolka boshimga tegib, yaralabdi. Uch oydan ko‘proq vaqt gospitalda yotib, davolandim. Shundan so‘ng front ortida oddiy kolxozchi bo‘lib, mehnat qila boshladim. Bizning avlod yoshligida ko‘rgan-kechirganlari hayot emas, dahshatu uqubat edi, bolalarim! Urushda ham, urushdan keyingi tiklanish yillarida ham turli azoblar girdobida yashadik.
Ha, mard o‘g‘lon Kenja Sultonov ham boshqa o‘g‘lonlar qatori urush yillari dushman bilan jang qilishni unutilmas matonat va jasorat, urushdan keyingi ocharchilik va tiklanish yillarida kunni tunga ulab, mehnat qilishni sabru qanoat, deya bildi. Tinch, to‘kin yillarni ko‘rishni niyat qilib yashadi. Endilikda otaxon yoshligida orzu qilgan o‘sha dorulomon kunlar nasib etganiga har tong shukrona aytib, farovon hayot kechirmoqda.
– Yurtimizda, ayniqsa, so‘nggi yillarda men kabi urush qatnashchilari va frontorti mehnat faxriylariga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, barcha shart-sharoitlar yaratilayotgani, har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani ochig‘i, yoshimizga yosh qo‘shmoqda, – deydi Kenja bobo. – Qalbimizni tog‘dek ko‘taryapti. Mana, yaqinda ham Prezidentimiz Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida farmon qabul qilib, har birimizga 12 million so‘mdan pul mukofoti berishni topshiribdi. Yoshu keksaga birdek e’tibor qaratayotgan Vatanimiz ilohim tinch, yurtimiz obod bo‘laversin. Dunyoda hech qachon urush bo‘lmasin, hech kim bu balodan aziyat chekmasin!
Uchrashuv yakunida Kenja bobo Sultonovga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va boshqa zarur tibbiy vositalar sovg‘a qilindi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA