Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
-
Turkiston alohida maqomga ega bo‘ldi

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev “Turkiston shahrining alohida maqomi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Mazkur hujjat asosida bu qadim kent mamlakatning ma’naviy, tarixiy, madaniy, sayyohlik markazi va me’moriy merosi sifatida e’tirof etilgan.
Ushbu tashabbus tarixiy-madaniy meros va milliy hunarmandlikni asrab-avaylash, tiklash, yagona uslub – me’moriy qiyofani ifodalash uchun dizayn kodeksini joriy etish, muhofaza qilinadigan hududda qurilishni taqiqlash, shaharning tarixiy o‘ziga xosligini saqlab qolish, shu bilan birga turizmni rivojlantirish va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan.
Turkistonni “Ikkinchi Makka” deyishadi. Turkiy xalqlar orasida alohida o‘rin egallagan mazkur shaharda Temuriylar saltanati sarkardasi va asoschisi Sohibqiron Amir Temur davriga oid binolar mavjud. Tarixiy obidalar YUNESKO madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Rossiya - AQSH muzokarasining navbatdagi davrasi qayerda o‘tadi?
Rossiya va AQSH o‘rtasidagi muzokaraning navbatdagi davrasi Fors ko‘rfazi davlatlaridan birida yaqin kunlarda bo‘lib o‘tishi mumkin, deb xabar tarqatdi CNN telekanali.

Ayni payt tadbirga tayyorgarlik ko‘rilyapti.
18 fevral kuni Ar-Riyodda yuqori darajadagi Rossiya – Amerika muzokarasi bo‘lib o‘tgan edi.
Starmer Rossiya haqida bayonot berdi

Rossiya Ukrainada tinchlik o‘rnatish shartini o‘zi o‘rnatmasligi kerak, dedi Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer. Bu haqda “Yahoo News” nashri yozgan.
– Oxir-oqibat Rossiya kelishuvda ishtirok etishi kerak, lekin bu masalaga RF xavfsizlik kafolati shartini, yagona xulosaga kelinguncha, o‘zi belgilaydi, degan nuqtai nazardan yondasha olmaymiz, – dedi siyosatchi. – Aks holda hech qanday taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi.
O‘tgan yakshanba Londonda bo‘lib o‘tgan Yevropa davlatlari sammitida Ukrainadagi vaziyat va Yevropa mudofaa qobiliyatini mustahkamlash imkoniyati muhokama qilingan.
Yaponiya Bosh vaziri Tramp – Zelenskiy bahsiga izoh berdi

Yaponiya tarafkashlik qilish niyatida emas, balki Ukraina muammosini hal qilishda AQSH ishtirokini saqlab qolish va G7 hamjihatligini mustahkamlashga urinyapti, dedi Bosh vazir Sigeru Isiba Donald Tramp va Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvda yuzaga kelgan kelishmovchilikni izohlarkan.
– Televideniye orqali ko‘rib, yangiliklarni o‘qib, menda “Nega bunday bo‘ldi”, degan savol tug‘ildi, – dedi u. – Tramp AQSH qanday mas’uliyatni zimmasiga olishi va Prezident sifatida amerikalik soliq to‘lovchilar uchun nima qilishi kerakligi haqida o‘z fikriga ega ekanligi aniq. Shu nuqtai nazardan Ukraina tomonida u kutganidek to‘g‘ri tushuncha bo‘lmagan ko‘rinadi.
Xitoylik arxeologlar o‘t yoqadigan qadimiy asbob topishdi

Xitoyning sharqiy qismida qadimshunoslar tomonidan taxminan 7000 yillik o‘t yoqishda ishlatiladigan asbob topildi, deb xabar tarqatdi “Global Times” gazetasi.
Jismlar Szyansu viloyatidagi Saoyangan nomli qadimiy qo‘nalg‘ada olib borilgan qazishma payti topilgan. Yog‘och burg‘u 60 santimetrdan uzunroq, yong‘in taxtasi uzunligi esa 30 santimetrga teng. Taxtaning bir uchidagi dumaloq naychadan, ehtimol, arqon bog‘lash uchun foydalanilgan bo‘lishi mumkin.
“Sinxua” axborot agentligi ta’kidlaganidek, ushbu kashfiyot hozirgi kunga qadar Chinda topilgan o‘t oldirish texnologiyasiga oid eng qadimgi dalillarni taqdim etadi.
Xitoy madaniy yodgorliklari jamiyati a’zosi Lyu Chjen intervyuda “Bu kashfiyot mamlakat sivilizatsiyasi boshlanishi haqida yorqin tushuncha beradi”, degan.
Eron vitse-prezidenti Zarif yana iste’fo berdi

O‘tgan yil avgust oyi boshida saylangan Prezident Mas’ud Pezeshkiyon farmoni bilan Eron Islom Respublikasi strategik masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti, sobiq tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif iste’foga chiqdi, deb xabar tarqatdi IRNA agentligi hukumatga yaqin manbalarga tayanib.
Zarif amaldagi hukumat a’zosi sifatida ikkinchi marta iste’fo bergan. U o‘tgan yil 11 avgustda, tayinlanganidan atigi o‘n kun o‘tib ham shunday niyat bildirgan, biroq prezident iltimosni qondirmagan. O‘shanda vaziyat yangi hukumat tarkibidagi kelishmovchiliklar sabab chigallashgani taxmin qilingandi.
Zarif iste’foga chiqqani haqidagi xabar yakshanba kuni Parlament a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan iqtisodiyot vaziri Abdulnosir Himmatiyga impichment e’lon qilinishi asnosida tarqaldi. Ta’kidlanishicha, mazkur ayblov iqtisodiy masalalar hal etilmayotgani sabab yangragan.
Senegalda sirli kasallikning qo‘zg‘atuvchisi aniqlandi

Tadqiqotchilar Senegaldagi yuzlab baliqchilar xastalanishiga sabab bo‘lgan sirli kasallikni qo‘zg‘atuvchi holatni aniqladi, deb xabar tarqatdi RFI radiosi.
Muammo ilk bor 2020 yil noyabr oyida, 100 dan ortiq baliqchi noma’lum kasallikka chalinganda paydo bo‘lgan. Virus o‘chog‘i mamlakat g‘arbida, poytaxt Dakar yaqinidagi Rufisk va Mbur port shaharlari o‘rtasida ekan. Mahalliy bemorlarda qora qo‘tir shaklida teri toshmasi paydo bo‘lgan.
Besh yil davomida “baliqchilar kasalligi” siri ochilmay keldi. Endi olimlar patogenni aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Bemorlar suv o‘ti Vulcanodinium rugosum va shu o‘simlik ishlab chiqaradigan Portimin A toksinidan aziyat chekkan.
– Ushbu mitti o‘simlik ishlab chiqadigan juda ko‘p miqdordagi toksinni ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydi, – deydi Fransiya Barqaror rivojlanish tadqiqotlari instituti vakili Patrik Bremer Dakardagi baliqchilarga. – Mazkur suv o‘ti qanday paydo bo‘lishi esa hozircha noma’lum.
Kallas Trampning YeI maqsadi haqidagi so‘zlarini rad etdi

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Prezident Donald Trampning “Yevropa blogi AQSHdan foydalanish uchun yaratilgan”, degan fikrini rad etdi.
– Yevropa – tinchlik loyihasi bo‘lib, YeI a’zolari orasida urush chiqmasligi uchun tuzilgan, – dedi u Trampning so‘zlariga izoh berishni so‘ragan CBS telekanali muxbiriga. – YeI Transatlantik munosabatlar uchun yaxshi loyiha. Men Amerika yetakchisining so‘zlaridan hayratdaman. AQSH ma’muriyati rahbarining bayonoti Bryussel va Vashington munosabatidagi keskinlik anchayin jiddiy ekanini anglatmoqda.
Tramp avvalroq “YeI AQSHdan o‘z manfaati yo‘lida foydalanish maqsadida tashkil qilingan” mazmunidagi fikrni bildirgan edi.
YeI Ukrainani faqat muayyan vaqtda qo‘llashi mumkin

Yevropa davlatlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi mumkin, faqat muayyan, cheklangan vaqt, ehtimol bir necha oy davomida, deb yozdi “El Mundo” gazetasi.
Uning ta’kidlashicha, Kiyev olgan umumiy yordamning 43 foizi Vashington hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bryussel harbiy sanoatni 100 foiz ishga tushirishi zarur bo‘lgan muhim uch yilni boy berdi. Xususan, YeIda o‘q-dori sotib olish bo‘yicha yagona reja yoki muvofiqlashtirilgan qo‘mondonlik tuzilmasi ham yo‘q.
Kremlning Tramp va Zelenskiy uchrashuviga munosabati

Tramp va Zelenskiyning Vashingtondagi uchrashuvi Ukraina bo‘yicha kelishuv yo‘liga tushib olish qanchalik qiyin kechishini ko‘rsatdi, dedi Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
S.Rahimov, O‘zA